Pokistonda O‘zbekiston turizm kunlari o‘tkaziladi

Avgust 27, 2026. 10:30 • 2 daq

10
Pokistonda O‘zbekiston turizm kunlari o‘tkaziladi
Pokistonda O‘zbekiston turizm kunlari o‘tkaziladi
Pokistonda O‘zbekiston turizm kunlari o‘tkaziladi

ISLOMOBOD, 27-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida Pokiston poytaxtida O‘zbekiston turizm kunlari bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi tashabbusi bilan o‘tkaziladigan mazkur tadbirlar mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, betakror sayyohlik salohiyati, milliy anʼanalari va zamonaviy taraqqiyotini Pokiston jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilishga qaratilgan.

“O‘zbekiston turizm kunlari” dasturidan qator roud-shoular, taqdimotlar, o‘zbek sanʼat ustalari ishtirokida konsert dasturlari, shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy va targ‘ibot tadbirlari o‘rin olgan.

29-avgust kuni Pokiston Milliy sanʼat kengashi galereyasida “O‘zbekiston–Pokiston: do‘stlik va birodarlik navolari” nomli bayram konserti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur madaniy tadbir ikki xalqni azaldan bir-biriga bog‘lab kelayotgan mushtarak tarix, umumiy maʼnaviy qadriyatlar, do‘stlik va qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

30-avgust kuni Islomobod shahridagi “Centaurus Mall Islamabad” savdo-ko‘ngilochar majmuasida O‘zbekistonning milliy madaniyati, urf-odat va anʼanalari hamda bayramona ruhini keng jamoatchilikka namoyon etuvchi fleshmob o‘tkaziladi.

Ushbu tadbir orqali poytaxt aholisi va mehmonlariga mamlakatimizning zamonaviy qiyofasi, milliy liboslari va madaniy jozibasi yaqindan tanishtiriladi.

31-avgust kuni esa Pokiston poytaxtidagi “Marriott” mehmonxonasida “O‘zbekiston: tarix va kelajak uchrashgan nuqta” mavzusida keng qamrovli roud-shou tashkil etiladi.

Tadbir doirasida mamlakatimizning ulkan sayyohlik salohiyati, qadimiy va navqiron shaharlari, noyob tarixiy-meʼmoriy obidalari, betakror tabiati, zamonaviy turizm infratuzilmasi hamda xalqimizning mehmondo‘stlik anʼanalari keng namoyish etiladi.

Roud-shou davomida O‘zbekistonning sayyohlik sohasini Pokistonda targ‘ib qilish va ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm aloqalarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan sayyohlik agentliklari, turkompaniyalar va hamkor tashkilotlar vakillarini “O‘zbekiston turizm mukofoti” bilan taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan asosiy bayram tadbiri hamda tantanali qabul marosimi 1-sentabr kuni Islomobod shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish