O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida erishilgan kelishuvlar ijrosi ko‘rib chiqildi

Avgust 06, 2026. 11:00 • 2 daq

81
O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida erishilgan kelishuvlar ijrosi ko‘rib chiqildi

ISLOMOBOD, 6-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Bosh vazirining tashqi ishlar bo‘yicha maxsus yordamchisi Tariq Fatemi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, oliy va yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilish jarayoni, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va transport-logistika sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tariq Fatemi Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida o‘zaro ishonch va samimiy muloqotga asoslangan yaqin munosabatlar qaror topganini alohida taʼkidladi.

“Pokiston hukumati O‘zbekiston Prezidentining nafaqat mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqqan, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi hamkorlik va barqaror rivojlanish jarayonlariga kuchli turtki bergan tashabbuskor va uzoqni ko‘ra bilish qobiliyatiga ega davlat arbobi sifatidagi faoliyatini yuksak baholaydi, – dedi u. – Shu nuqtai nazardan, davlatingiz rahbarining joriy yil 5-6 fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq va samarali amalga oshirish maqsadida tegishli idoralar tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda”.

Shu munosabat bilan tomonlar davlat tashrifi doirasida imzolangan ikki tomonlama hujjatlar va kelishuvlarning ijrosi holatini atroflicha muhokama qilib, ularni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan ayrim masalalar yuzasidan fikr almashdilar hamda ularni tezkor hal etish bo‘yicha amaliy choralarni belgilab oldilar.

Hududlararo hamkorlikni yanada faollashtirish, ishbilarmon doiralar vakillari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ikki tomonlama savdo hajmini ko‘paytirish masalalari ham uchrashuvning asosiy mavzularidan bo‘ldi.

Pokiston tomoni O‘zbekiston hududlari rahbarlari va ishbilarmon doiralari delegatsiyalarining Pokistonga amalga oshirayotgan tashriflarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirib, bunday muloqotlar sonini ko‘paytirish va ularning amaliy samaradorligini oshirish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Shuningdek, Pokistondan O‘zbekistonga tirik chorva mollarini eksport qilish uchun zarur ruxsatnomalarni rasmiylashtirish va ikki davlat banklari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri korrespondentlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va oliy darajada erishilgan kelishuvlarning to‘liq ijrosini taʼminlashga yo‘naltirilgan muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish