Ko‘ksaroy qarorgohida oliy darajadagi O‘zbekiston-Chexiya muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Aprel 30, 2026. 13:42 • 3 daq
• 206
TOSHKENT, 30-aprel. /“Dunyo” AA/. Bugun Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Bosh vaziri Andrey Babishning tor doirada va ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston bilan Chexiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning joriy holati va uni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv avvalida mamlakatimiz yetakchisi ushbu tashrif O‘zbekiston – Chexiya munosabatlari tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishini alohida taʼkidladi.
Barcha sohalarda hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Hukumatlar, vazirliklar va idoralar darajasida yaqin aloqalar o‘rnatildi, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashdi.
Parlamentlarda “Do‘stlik guruhlari” tashkil etilgan. Hukumatlararo komissiya samarali ishlamoqda.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash qariyb ikki barobarga oshdi. Mamlakatimizda Chexiya kapitali ishtirokida 37 ta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Bir qator yangi kooperatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha ish olib borilmoqda.
O‘zaro savdo hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tovar ayirboshlashni, shu jumladan, mahsulot turlarini kengaytirish orqali 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Birgalikdagi savdoni rag‘batlantirish maqsadida Chexiyada O‘zbekistonning birinchi sertifikatlash filiali tashkil etilmoqda. Chexiyalik hamkorlar bilan “Yevro-6” standartidagi avtomobillarni sertifikatlash va kvant etaloni bo‘yicha zamonaviy laboratoriya qurilmoqda.
Chexiyaning yetakchi kompaniyalari bilan mashinasozlik, “yashil” energiya, geologiya va muhim xomashyo, kimyo, farmatsevtika hamda boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga olgan Texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish va “aqlli” shaharlar yaratish, muhandislik ishi va raqamlashtirish sohalarida kooperatsiya uchun mavjud istiqbollar qayd etildi.
Xususan, kuni kecha bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Chexiya biznes forumida eʼlon qilingan loyihaviy tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.
Tomonlar Eksport kreditlarini sug‘urtalash agentligi va Chexiya Eksport bankining O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash niyatini olqishladilar.
Iqtisodiy kun tartibidagi barcha masalalarni ilgari surish uchun Ishbilarmonlar kengashini tuzish va Hukumatlararo komissiyaning keyingi yig‘ilishini shu yil avgust oyida Toshkentda o‘tkazish taklif qilindi.
Madaniy-gumanitar sohada, shu jumladan, qo‘shma diplom dasturlari doirasida taʼlim va akademik almashinuvni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.
O‘zaro madaniyat va kino kunlari, ko‘rgazma va konsertlarni muntazam ravishda o‘tkazish, shuningdek, mamlakatlar o‘rtasida sayyohlar oqimini ko‘paytirish muhimligi taʼkidlandi.
Shu maqsadda ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareysni qayta tiklash masalasi ko‘rib chiqiladi.
Tartibli mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Yakunda qabul qilingan qarorlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi