Logo

Navoiy viloyati va Pokistonning Sind provinsiyasi o‘rtasida “Birodarlashgan hududlar” munosabatlari o‘rnatiladi

Aprel 30, 2026. 15:55 • 3 daq

57
Navoiy viloyati va Pokistonning Sind provinsiyasi o‘rtasida “Birodarlashgan hududlar” munosabatlari o‘rnatiladi
Navoiy viloyati va Pokistonning Sind provinsiyasi o‘rtasida “Birodarlashgan hududlar” munosabatlari o‘rnatiladi
Navoiy viloyati va Pokistonning Sind provinsiyasi o‘rtasida “Birodarlashgan hududlar” munosabatlari o‘rnatiladi

KARACHI, 30-aprel. /“Dunyo” AA/. Elchi Alisher To‘xtayev va Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Pokistonning Sind provinsiyasi Karachi shahriga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur tashrifdan maqsad O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni yana-da mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishdan iborat.

Delegatsiya aʼzolari dastlab Sind provinsiyasib bosh vaziri Sayid Murod Ali Shoh bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Muloqot davomida tomonlar Navoiy viloyati va Sind provinsiyasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi.

To‘qimachilik, jun va charm mahsulotlarini qayta ishlash, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, kimyo va qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, kartoshkachilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda qayta ishlash sohasida ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.

Tomonlar “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi va Navoiy xalqaro aeroporti imkoniyatlarini keng targ‘ib etish orqali pokistonlik sarmoyadorlarni Navoiy viloyatiga jalb qilish masalasiga to‘xtalib o‘tdilar. Bu infratuzilmalar mintaqada logistika va sanoat markazini shakllantirishda muhim o‘rin tutayotgani taʼkidlandi.

Uchrashuv davomida transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Navoiy va Karachi shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi. Bu esa ikki hudud o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish, sayyohlik aloqalarini rivojlantirish va tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qilishi qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ham aniq amaliy kelishuvlarga erishildi. Xususan, Sind provinsiyasidan Navoiy viloyatiga go‘sht, guruch, kartoshka va chorva mollarini yetkazib berish, o‘z navbatida, Navoiy viloyatidan Pokistonga dukkakli mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yish takliflari tomonlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Bu tashabbuslar ikki hudud o‘rtasida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va bozorlarni diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.

Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik masalalari ham muloqot markazida bo‘ldi. Tomonlar Navoiy viloyati va Sind provinsiyasi o‘rtasida «Birodarlashgan hududlar» dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash, madaniyat va turizm yo‘nalishlarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, yoshlar o‘rtasida almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida qo‘shma taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha amaliy natijadorlikni taʼminlash maqsadida tomonlar o‘rtasida qo‘shma ishchi guruh tashkil etishga kelishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish