Logo

Jamoat transporti to‘lovlarida Janubiy Koreya tajribasi o‘rganildi

Aprel 30, 2026. 15:55 • 2 daq

97
Jamoat transporti to‘lovlarida Janubiy Koreya tajribasi o‘rganildi

SEUL, 30-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning “ATTO” kompaniyasi moliya masalalari bo‘yicha direktori Uyg‘un Xoljigitov Janubiy Koreyaning “Tmoney” kompaniyasi vitse-prezidenti So Xe Yong bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvdan maqsad O‘zbekistonda jamoat transporti jozibadorligini oshirish va naqd pulsiz to‘lovlar sohasida zamonaviy yechimlarni rivojlantirish uchun Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.

O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda tomonlar raqamli transport to‘lov tizimlarini rivojlantirishda tajriba almashish, jamoat transportiga zamonaviy yechimlarni joriy etish hamda yo‘lovchilar uchun qulay to‘lov infratuzilmasini shakllantirish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, “Tagless” va “Be-In-Be-Out” modellaridan foydalangan holda BLE (Bluetooth Low Energy) texnologiyasiga asoslangan kontaktsiz to‘lovlarni joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bu texnologiya karta va terminallarsiz yo‘l haqini avtomatik hamda qulay tarzda to‘lash imkonini beradi.

Jamoat transportida, jumladan avtobus va metrolarda, tizim samaradorligini oshirish hamda yo‘lovchilar oqimini optimal taqsimlash maqsadida tabaqalashtirilgan tariflarni joriy etish masalasi alohida muhokama qilindi.

Uchrashuv ishtirokchilari innovatsion texnologiyalarni joriy etish muhimligini va ularning yo‘lovchilarga qulaylik yaratishdagi o‘rnini alohida taʼkidladi.

Muzokaralar yakunida hamkorlikni yana-da rivojlantirish va o‘zaro manfaatli tajriba almashinuvini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

“Tmoney” elektron to‘lov tizimi bo‘lib, Janubiy Koreyada jamoat transporti va chakana savdo sohasida keng qo‘llaniladi. Tizimni boshqaruvchi kompaniya 2003-yilda tashkil etilgan, tizimning o‘zi esa 2004-yilda joriy etilgan. Seulda aksariyat foydalanuvchilar transport kartalaridan foydalanadi. Har kuni o‘rtacha 17 million dollarga yaqin qiymatdagi qariyb 40 million operatsiya amalga oshiriladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish