Kuala-Lumpur markazida O‘zbekiston mustaqilligiga bag‘ishlangan madaniy tadbirlar o‘tkazildi
Sentabr 16, 2026. 17:30 • 2 daq
• 72KUALA-LUMPUR, 16-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Malayziya poytaxti markazida milliy madaniyatimiz va sanʼatimizga bag‘ishlangan qator tadbirlar tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirlar doirasida Kuala-Lumpurning markaziy ko‘chalarida joylashgan yirik binolar va elektron ekranlarda O‘zbekiston davlat bayrog‘i aks ettirilib, mamlakatimizning qutlug‘ milliy bayrami keng targ‘ib qilindi.
Shuningdek, shaharning eng diqqatga sazovor maskanlaridan biri — Petronas egizak minoralari qarshisida o‘zbek milliy madaniyati va sanʼati namoyish etildi. O‘zbek milliy liboslaridagi chiqishlar, jo‘shqin raqslar va musiqiy dasturlar malayziyaliklar hamda xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Madaniy dasturning yana bir qismi Kuala-Lumpur markazidagi “Ibis” mehmonxonasida tashkil etilib, mehmonlarga O‘zbekistonning boy madaniy merosi va milliy anʼanalari namoyish etildi.
Mazkur tadbirlar O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini Malayziya jamoatchiligi hamda keng xalqaro auditoriyaga targ‘ib etish, mamlakatimizning turistik salohiyatini namoyish qilish, xususan, ziyorat turizmini rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

