Budapeshtda vatandoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Sentabr 20, 2026. 13:00 • 2 daq
• 66BUDAPЕSHT, 20-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda Vengriyada doimiy va vaqtincha istiqomat qilayotgan vatandoshlar hamda ushbu mamlakatda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonning mustaqillik yillaridagi yutuqlari, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
Ishtirokchilarga xorijdagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlarini himoya qilish, Vengriya qonunchiligiga rioya etish, konsullik ro‘yxatiga turish va konsullik-huquqiy yordam olish tartiblari tushuntirildi. Turli hayotiy vaziyatlarda elchixonaga murojaat qilish tartibiga alohida e’tibor qaratildi.
Vengriyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan alohida uchrashuv o‘tkazildi. Ochiq muloqot formatida o‘quv jarayoni, migratsiya talablariga rioya qilish, hujjatlarning amal qilish muddatlarini nazorat qilish va diplomatik vakolatxonaga o‘z vaqtida murojaat qilish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida yoshlarga istiqomat qilayotgan mamlakat qonunchiligiga rioya qilish, internet va ijtimoiy tarmoqlarda ogoh bo‘lish hamda radikal va ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib qolmaslik bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shubhali ma’lumotlarga tanqidiy munosabatda bo‘lish va xavotirli vaziyatlar yuzaga kelganda elchixonaga murojaat qilish muhimligi ta’kidlandi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning milliy qadriyatlari, an’analari va madaniy merosini xorijda targ‘ib qilish, shuningdek, yoshlarda vatanga muhabbat va milliy g‘urur tuyg‘usini mustahkamlash masalalari bo‘yicha fikr almashildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan konsullik, huquqiy va migratsiya masalalariga oid savollarga javob oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



