“The Diplomatic Insight”: Turkiy dunyo Yevroosiyodagi eng jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylanish imkoniyatiga ega
Oktabr 16, 2026. 15:30 • 2 daq
• 73
ISLOMOBOD, 16-oktabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Diplomatic Insight” nashrida “Turkiy dunyo – Yevroosiyodagi eng jozibador sayyohlik yo‘nalishlaridan biri” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“So‘nggi yillarda turizm O‘zbekiston taraqqiyotining strategik sohalaridan biriga aylanib, nafaqat iqtisodiyotda, balki xalqaro aloqalarni mustahkamlash, madaniy almashinuv va xalq diplomatiyasini rivojlantirishda ham muhim o‘rin tutmoqda, – deyilgan maqola avvalida. – Ayniqsa, Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga a’zo qardosh mamlakatlar bilan sayyohlik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega”.
Qayd etilishicha, turizm sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash ham muhim yo‘nalishlardan biridir. O‘zbekiston talabalar almashinuvi, stajirovkalar, seminarlar va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish masalalarida Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Turkiy davlatlar tashkilotining boshqa mamlakatlari universitetlari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Viza tartiblarini yengillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham alohida e’tiborga loyiq.
“Amalga oshirilayotgan ishlar va tashabbuslarning barchasi, eng avvalo, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlardan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimining muntazam ortib borishiga xizmat qilmoqda. Jumladan, 2025-yil davomida TDT mintaqasidan kelgan sayyohlarning umumiy soni 6,15 million kishidan oshdi”, – deb yozgan nashr.
Maqola oxirida ta’kidlanganidek, turkiy dunyo Yevroosiyodagi eng jozibador va barqaror sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylanish uchun barcha imkoniyatlarga ega. O‘zbekiston ushbu umumiy maqsadni ro‘yobga chiqarishda kelgusida ham faol ishtirok etishga, yangi loyihalarni ilgari surishga va turkiy davlatlarning yagona sayyohlik makonini shakllantirishga ko‘maklashishga tayyor.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi