Toshkentda vaqt va chastota metrologiyasi bo‘yicha xalqaro tadbir o‘tkazilmoqda
Sentabr 29, 2026. 17:00 • 2 daq
• 48TOSHKЕNT, 29-sentabr. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda “BIPM–COOMET UTC Summer School” xalqaro maktabi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti, Xalqaro o‘lchov va tarozilar byurosi (BIPM) hamda COOMETning axborot va ta’lim masalalari bo‘yicha texnik qo‘mitasi (COOMET TC 4 “Information and Training”) hamkorligida tashkil etildi.
Ushbu loyihaga Elektrotexnika va elektronika muhandislari institutining ultratovush, segnetoelektriklar va chastotani boshqarishga ixtisoslashgan bo‘limi – IEEE UFFC homiylik qilmoqda.
O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirda 25 ta xorijiy davlatdan 31 nafar ishtirokchi, jumladan, ma’ruzachi sifatida 11 nafar xorijlik ekspert qatnashyapti.
Tadbirning asosiy maqsadi – mutaxassislarning vaqt va chastota metrologiyasi, ya’ni vaqt va chastotani aniq o‘lchash va taqqoslash sohasidagi bilim hamda amaliy ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.
Ishtirokchilar UTC – butunjahon muvofiqlashtirilgan vaqti va UTC(k) – butunjahon muvofiqlashtirilgan vaqtining milliy realizatsiyasi shkalalarini yaratish, taqqoslash va uzatish bo‘yicha fikr almashdi.
Shu bilan birga, vaqt va chastotani yuqori aniqlikda o‘lchash hamda ularning metrologik kuzatiluvchanligini ta’minlash, ya’ni o‘lchash natijalarining tegishli etalonlar bilan tasdiqlanadigan bog‘liqligini ta’minlash masalalari o‘rganildi.
Dastur atom soatlari, global navigatsiya sun’iy yo‘ldosh tizimlari orqali vaqt va chastotani uzatish, o‘lchovlar noaniqligini baholash, statistik tahlil hamda vaqt va chastota sohasidagi zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi.
“BIPM–COOMET UTC Summer School” 30-sentabrga qadar davom etadi. Unda ishtirokchilar xalqaro tajriba almashish, ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy yondashuv va usullarni o‘rganish, milliy metrologiya institutlari mutaxassislarining kasbiy salohiyatini yanada oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




