Toshkentda Turkiy davlatlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinmoqda

Sentabr 29, 2026. 11:00 • 2 daq

• 333
Toshkentda Turkiy davlatlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinmoqda

TOSHKЕNT, 29-sentabr. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Turkiya Prezidenti administratsiyasi Kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida “Turkiy dunyo muloqoti: mushtarak kelajak va nigoh” mavzusida tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvni Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, JIDU rektori Sodiq Safoyev ochib berdi.

Tadbir Anqarada bo‘lib o‘tadigan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga a’zo davlatlar rahbarlarining 13-sammiti arafasida tashkil etilayotgan qator panel uchrashuvlari doirasida o‘tkazildi.

Muhokamalar chog‘ida turkiy mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, umumiy tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish masalalari bo‘yicha fikr-mulohazalar almashildi.

Ishtirokchilar “TDT-2040 nigohi”ni amalga oshirish, dolzarb mintaqaviy va global jarayonlar, iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi.

Shu bilan birga, o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, media va kommunikatsiya sohasidagi hamkorlik, raqamli transformatsiya, dezinformatsiyaga qarshi kurashish, ta’lim va madaniy aloqalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Turkiy dunyoning umumiy kelajagini shakllantirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar sun’iy intellekt va yangi kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

Toshkentda o‘tkazilgan mazkur uchrashuv turkiy dunyoning dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashish hamda Anqarada bo‘lib o‘tadigan TDTning 13-sammitiga tayyorgarlik ko‘rish uchun muhim ahamiyat kasb etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish