O‘zbekiston–Rossiya madaniy hamkorligining yangi yo‘nalishlari belgilab olindi
Oktabr 06, 2026. 21:25 • 2 daq
• 191MOSKVA, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ijtimoiy-gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ikki davlat madaniyat vazirlari – Ozodbek Nazarbekov va Olga Lyubimova boshchiligida Madaniyat bo‘yicha komissiyaning oltinchi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda ikki davlat madaniyat vazirlari o‘rinbosarlari Andrey Malishev va Odiljon Abduqahhorov, mamlakatimizning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov hamda boshqa soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirish, ijodiy jamoalar almashinuvini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Ta’lim sohasida hamkorlik muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayni paytda Rossiyada 335 nafar O‘zbekiston fuqarosi tahsil olmoqda. Toshkentda Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filiali faoliyat yuritmoqda.
Muloqot jarayonida o‘zaro hamkorlikdagi teatr va konsert gastrollari kengayayotgani ta’kidlandi. “Katta gastrollar” loyihasi doirasida O‘zbekiston teatrlari Rossiya hududlarida spektakllar namoyish etmoqda. Krasnoyarskda Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatri jamoasining chiqishlari rejalashtirilgan.
Tomonlar kino sohasida qo‘shma filmlar ishlab chiqarish, prodyuserlar uchun forum o‘tkazish va kino asarlarini restavratsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini ham muhokama qildi.
Majlis davomida vazirlar tomonidan ikki mamlakat xoreografiya akademiyalari o‘rtasida qo‘shma dasturlar va akademik mobillikni rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi. Shu bilan birga, kelgusi yil uchun hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

