Islomobodda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tibbiyot sohasida yangi hamkorlik loyihalari muhokama qilindi

Oktabr 06, 2026. 14:00 • 2 daq

• 135
Islomobodda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi tibbiyot sohasida yangi hamkorlik loyihalari muhokama qilindi

ISLOMOBOD, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning “Maroof International Hospital” klinikasi rahbari Nosir Ahmad bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida sog‘liqni saqlash, tibbiy ta’lim va tibbiy turizm sohalarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

“Maroof International Hospital” hamkorligida O‘zbekistonda zamonaviy diagnostika markazi yoki ixtisoslashtirilgan tibbiy klinika tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Pokiston tomoni mazkur yo‘nalishlarda O‘zbekistonda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Hamkorlikning dastlabki bosqichida O‘zbekistondagi tibbiyot texnikumlari bilan hamkorlikda 3–6 oylik qisqa muddatli o‘quv dasturlarini ishlab chiqish taklif etildi. Mazkur dasturlar doirasida hamshiralar, laboratoriya mutaxassislari, shoshilinch tibbiy yordam xodimlarini zamonaviy usullar asosida tayyorlash va ularning malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratish rejalashtirildi.

Tomonlar malakali mutaxassislar ishtirokida onlayn darslar, master-klasslar va amaliy treninglar o‘tkazish, talabalar uchun qisqa muddatli amaliyot dasturlarini tashkil etish hamda tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashdi.

Uchrashuvda tibbiy texnologiyalar va farmatsevtika yo‘nalishidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, Pokiston vakili Buxoro viloyatida Janubiy Koreya texnologiyalari asosida ishlab chiqarilayotgan koronar stentlarni Pokiston bozoriga eksport qilishga qiziqish bildirdi.

Muzokaralar chog‘ida tibbiy turizm sohasida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida bemorlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Pokiston fuqarolari uchun O‘zbekistonda zamonaviy tibbiy diagnostika, davolanish va sog‘lomlashtirish xizmatlarini turizm dasturlari bilan uyg‘unlashtirish, “Maroof International Hospital” klinikalarida o‘zbekistonlik bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish takliflari qo‘llab-quvvatlandi.

2009-yilda tashkil etilgan “Maroof International Hospital” klinikasi hozirgi kunda 220 o‘ringa ega ko‘p tarmoqli xususiy tibbiyot muassasasi sifatida faoliyat yuritmoqda. Shifoxonada kardioxirurgiya, bolalar kardioxirurgiyasi, neyroxirurgiya, minimal invaziv jarrohlik, ginekologiya, pediatriya, reanimatsiya va shoshilinch tibbiy yordam kabi yo‘nalishlar mavjud.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish