Pokiston kompaniyasi Jizzax viloyatida zaytun plantatsiyalarini tashkil etadi

Oktabr 06, 2026. 08:10 • 2 daq

• 92
Pokiston kompaniyasi Jizzax viloyatida zaytun plantatsiyalarini tashkil etadi
Pokiston kompaniyasi Jizzax viloyatida zaytun plantatsiyalarini tashkil etadi

ISLOMOBOD, 6-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Pokistondagi elchixonasi tashabbusi bilan ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalaridan biri — “WaterCon” delegatsiyasining O‘zbekistonga biznes-missiyasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, safar davomida “WaterCon” kompaniyasi vakillari Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligida qator muzokaralar o‘tkazdilar. Uchrashuvlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, chuqur qayta ishlash va zamonaviy tizimlarni tatbiq etish istiqbollari muhokama qilindi.

Muzokaralarning eng muhim amaliy natijasi o‘laroq, “WaterCon” kompaniyasi va Jizzax viloyati hokimligi o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Ushbu hujjatga muvofiq, Jizzax viloyatining Yangiobod tumanida 500 gektar maydonda zamonaviy zaytun plantatsiyasini barpo etish, shuningdek, zaytun mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan yirik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi.

Loyihaning keyingi bosqichlarida zaytunni sanoat usulida qayta ishlab, uni qadoqlagan holda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot sifatida “Made in Uzbekistan” brendi ostida xorijiy bozorlarga eksport qilish rejalashtirilgan.

Tomonlar loyihani muvaffaqiyatli boshlash uchun zarur infratuzilmani shakllantirish va tashkiliy ishlarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab oldilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish