Turkiya O‘zbekiston eksporti uchun yangi logistika yo‘nalishini taklif etmoqda
Oktabr 06, 2026. 13:00 • 2 daq
• 167
ANQARA, 6-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ko‘magida joriy yil 17–21-oktabr kunlari “LimakPort” porti vakillarining yurtimizga tashrifi rejalashtirilgan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida Transport vazirligi, Bojxona qo‘mitasi va ishbilarmon doiralar vakillari bilan turli uchrashuvlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Asosiy e’tibor “LimakPort” porti imkoniyatlari taqdimoti hamda logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekiston mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazib berish bo‘yicha muqobil yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini muhokama qilishga qaratiladi.
Uchrashuvlar chog‘ida Turkiya tomoni portning infratuzilmasi va xizmat turlarini taqdim etishi, muayyan turdagi yuklarni tashish, hamkorlik shartlari hamda logistika xarajatlarini maqbullashtirish choralari ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
“LimakPort” – Turkiyaning O‘rta yer dengizi sohilidagi konteyner porti bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri temir yo‘l ulanishiga ega. 2025-yilda konteyner aylanmasi 590 ming TEUni tashkil etgan. Port konteynerlarni yuklash va bo‘shatish, bojxona omborlarida saqlash, sovutkichli omborlar va refrijerator konteynerlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlariga ega.
Bu esa mazkur portdan O‘zbekistondan tayyor mahsulotlarni eksport qilishda ham, import yuklarini yetkazib berishda ham foydalanish imkonini beradi.
Shu bilan birga, “LimakPort” infratuzilmasi to‘qimachilik mahsulotlari va tayyor kiyim-kechak eksportchilari, asbob-uskunalar va butlovchi qismlar importchilari uchun ham qulay imkoniyatlar yaratishi mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi