Hindistonning nufuzli delegatsiyasi Toshkentda o‘tayotgan tibbiy texnologiyalar va farmatsevtika xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda
May 21, 2026. 17:25 • 2 daq
• 71
DEHLI, 21-may. /“Dunyo” AA/. 20-may kuni Toshkentda o‘z ishni boshlagan “MedTech Eurasia” ko‘rgazmasida Hindistonning 80 dan ortiq farmatsevtika kompaniyalari va tibbiy texnologiyalar ishlab chiqaruvchilari ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur ko‘rgazma Markaziy Osiyoning tibbiy texnologiyalar va farmatsevtika sohasidagi muhim voqea hisoblanadi.
“Tashkent Pharma Park” innovatsion klasteri maydonchasida tashkil etilgan ko‘rgazmaning ochilish marosimiga O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Hindistonning Toshkentdagi elchisi Smita Pant birgalikda raislik qildi. Bu esa ikki mamlakatning farmatsevtika tarmog‘idagi hamkorlikni chuqurlashtirishga bo‘lgan o‘zaro qiziqishi ramziga aylandi.
Hindiston diplomatik missiyasi rahbari Hindiston kompaniyalari yirik delegatsiyasining ushbu muhim tadbirdagi ishtiroki o‘zaro munosabatlar oddiy savdo-sotiqdan chuqur texnologik sheriklikka o‘tayotganining yorqin ifodasi bo‘lganini taʼkidladi.
Diplomatning qayd etishicha, “dunyo dorixonasi” sifatida tanilgan Hindiston sifatli va hamyonbop dori-darmonlar, shuningdek, zamonaviy tibbiy buyumlar ishlab chiqarishdagi boy tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyor.
Hindiston birlashgan ekspozitsiyasida jeneriklar va biofarmatsevtika, jarrohlik asboblari va sarflash materiallari, diagnostika uskunalari va laboratoriya texnikasi ishlab chiqarish sohasidagi so‘nggi yutuqlar, sog‘liqni saqlash uchun raqamli yechimlar namoyish etilmoqda.
“MedTech Eurasia” ko‘rgazmasi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning faol bosqichi sharoitida bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbekiston dori-darmonlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha izchil islohotlarni amalga oshirmoqda va Hindiston biznesi mamlakatimizni Markaziy Osiyo hamda MDH bozorlariga chiqish “darvozasi” sifatida ko‘rmoqda.
Ushbu tadbirda ishtirok etish Hindiston kompaniyalari uchun O‘zbekistondagi davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari hamda industrial farmatsevtika parklari doirasidagi imtiyozlardan foydalanish imkoniyatlarini ochadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston delegatsiyasi Xorvatiya tashqi va Yevropa ishlari vaziri bilan uchrashdi



