Toshkentda Markaziy Osiyo sinologlarining ikkinchi forumi boshlandi
Iyun 13, 2026. 15:00 • 3 daq
• 89
TOSHKENT, 13-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Markaziy Osiyo xitoyshunoslik (sinologiya) ikkinchi forumi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu nufuzli anjuman 2025-yil may oyida Olmaota shahrida boshlangan mintaqaviy ekspertlar muloqotining mantiqiy davomi hisoblanadi. Mazkur tashabbus Markaziy Osiyo davlatlaridagi Xitoy bo‘yicha mutaxassislar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, akademik va ekspertlik sherikligini rivojlantirish, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari, tahliliy markazlar va ta’lim muassasalari uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan.
Tadbir Xitoyning Yevrosiyo mintaqasidagi roli kuchayib borayotgan va “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati jadal rivojlanayotgan bir davrda o‘tkazilmoqda. Forum ishtirokchilari diqqat markazida siyosiy hamkorlik, transport va iqtisodiy bog‘liqlik, shuningdek, Xitoy va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish masalalari turibdi.
Anjumanda xitoyshunoslikni siyosiy tahlil, iqtisodiy tadqiqotlar va madaniy muloqotni birlashtiruvchi fanlararo yo‘nalish sifatida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bo‘lib o‘tayotgan munozaralar natijalari mintaqaviy ekspertlar tarmog‘ini kengaytirishga va xitoyshunoslik sohasidagi hamkorlikni yanada institutsionallashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
“Bir makon, bir yo‘l” ilmiy-ta’lim markazi direktori Odil Kaukenov “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida mintaqada Xitoyni o‘rganish bo‘yicha boy tarix mavjudligiga qaramay, uzoq yillar davomida Markaziy Osiyo sinologlari asosan tashqi ilmiy maydonlarga tayangani va bir-birlari bilan ko‘proq mintaqadan tashqarida uchrashganlarini qayd etdi.
“Bugun vaziyat tubdan o‘zgardi. Mintaqada ulkan ilmiy va ekspertlik salohiyati to‘plandi, buning sharofati bilan Markaziy Osiyo xitoyshunosligi sifat jihatidan yangi, institutsional bosqichga qadam qo‘ymoqda. Endilikda mutaxassislarimiz muntazam ravishda tajriba almashish va Xitoyni o‘rganish bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldilar”, – deya ta’kidladi u.
Ekspertning fikricha, ushbu forumning Toshkentda o‘tkazilishi mintaqadagi sharqshunoslik fani rivoji uchun alohida ahamiyatga ega. U o‘z vaqtida aynan O‘zbekiston poytaxti Markaziy Osiyoda sharqshunoslik va xitoyshunoslik ilmiy maktablari shakllanishining asosiy markazlaridan biri bo‘lganini eslatib o‘tdi.
Odil Kaukenov, shuningdek, ishtirokchilarning tadbirga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, forum mintaqaning yetakchi mutaxassislari va tadqiqotchilarini birlashtirgan bo‘lib, ular ham yalpi majlislarda, ham anjuman doirasidagi uchrashuvlarda eng dolzarb masalalarni faol muhokama qilmoqdalar.
“Bugungi kun Markaziy Osiyodagi butun xitoyshunoslik va sharqshunoslik fani uchun haqiqiy tarixiy voqeadir. Biz hamkasblarimizning yuqori ishtiyoqi va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga bo‘lgan kuchli intilishini ko‘rib turibmiz”, – dedi ekspert.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi