O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Qohirada Misr Bosh vaziri bilan uchrashdi

Iyun 13, 2026. 15:50 • 2 daq

39
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Qohirada Misr Bosh vaziri bilan uchrashdi

TOSHKENT, 13-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Qohirada Misr Bosh vaziri Mustafo Kamol Madbuli bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Bugun Qohira shahrida Misr Arab Respublikasi Bosh vaziri Mustafo Kamol Madbuli janoblari bilan uchrashganimizdan mamnunmiz, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi Janobi Oliylari nomiga yo‘llagan samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdik. O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qildik.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, transport-logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdik.

Madaniy-gumanitar, ta’lim va diniy-ma’rifiy sohalardagi aloqalarni mustahkamlash, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada boyitish bo‘yicha ham fikr almashdik. Mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham mulohazalar bildirdik.

O‘zbekiston Misrning Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mojarolarni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholashini ta’kidladik”.

“Dunyo” AA olgan surat

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish