O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyatida mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi
Iyun 13, 2026. 16:00 • 2 daq
• 5
SANKT-PETERBURG, 13-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston delegatsiyasining Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyatiga amaliy tashrifi doirasida “Stroy-Kontinental” turar-joy majmuasi, “Renkons Xevi Indastris” MCHJ, “Limak Konstrakshen”, “SK78”, “Perviy yarus” hamda boshqa korxonalarda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 3 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvlar davomida vatandoshlarga Rossiyaning migratsiya, mehnat va ma’muriy qonunchiligi talablariga rioya qilish, shuningdek, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha atroflicha tushuntirishlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili ishtirokida an’anaviy ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etildi.
Olib borilgan ishlar natijasida O‘zbekiston fuqarolari oldidagi 47 ming AQSH dollaridan ortiq ish haqi bo‘yicha qarzdorlik undirilishi ta’minlandi. Ish beruvchilar tomonidan noqonuniy ravishda ushlab turilgan 8 ta pasport egalariga qaytarildi, ehtiyojmand fuqarolarga manzilli konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, 1 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi konsullik hisobiga qo‘yildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi