Tokioda O‘zbekiston–Yaponiya parlamentlararo hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Iyun 05, 2026. 11:55 • 2 daq

94
Tokioda O‘zbekiston–Yaponiya parlamentlararo hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

TOKIO, 5-iyun. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi tomonidan parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida mazkur davlat Parlamenti Vakillar palatasi deputati Shinji Inoue bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat davomida Shinji Inoue joriy yilning 1–3-may kunlari Yaponiya tashqi ishlar vazirining parlamentar o‘rinbosari Arfiya Eri boshchiligidagi delegatsiya tarkibida O‘zbekistonga amalga oshirgan xizmat safari haqida to‘xtalib o‘tdi.

U mazkur tashrif uning Markaziy Osiyo mamlakatlariga amalga oshirgan birinchi safari bo‘lganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, safar davomida o‘tkazilgan uchrashuvlar unda katta taassurot qoldirgan. Deputat uzoq yillardan buyon Buyuk Ipak yo‘li tarixi va sivilizatsiyasiga qiziqib kelishini alohida qayd etib, O‘zbekiston mazkur tarixiy merosning muhim markazlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Shu bilan birga, mamlakatning boy madaniy merosi, qulay geografik joylashuvi, iqtisodiy islohotlari va aholisi bilan tanishish jarayonida O‘zbekiston ulkan iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatga ega davlat ekanini yanada chuqur anglaganini bildirdi.

Deputat tashrif doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Yaponiya parlamentlararo forumining navbatdagi yig‘ilishi hamda ikki mamlakat yetakchi siyosiy partiyalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanganini yuqori baholadi.

Muloqot chog‘ida Shinji Inoue Yaponiya parlamentidagi O‘zbekiston–Yaponiya parlamentlararo do‘stlik ligasi faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. U mazkur tuzilmani ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim siyosiy platforma sifatida baholashini aytdi.

Shinji Inouening ta’kidlashicha, do‘stlik guruhi doirasidagi faoliyat ikki davlat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, yangi tashabbuslarni ilgari surish hamda iqtisodiy va gumanitar aloqalarni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Uchrashuv yakunida muntazam muloqotni davom ettirish va erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash bo‘yicha yaqin hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish