O‘zbekiston elchisi Buyuk Britaniyaning Sharqiy Sasseks grafligidagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari rahbariyati bilan uchrashdi
Iyun 01, 2026. 10:55 • 2 daq
• 159LONDON, 1-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Sharqiy Sasseks grafligiga tashrifi davomida bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida Sasseks universiteti rektori va prezidenti Sasha Rozeneyl O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida taʼlim sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Shuningdek, universitetning O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari bilan qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirish yo‘nalishlarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida universitet rahbariyati O‘zbekistonda kampus tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirildi.
Tashrif doirasida mazkur muassasa tadqiqotchilari va professorlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda Britaniya tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, taʼlim tizimidagi yangilanishlar haqida maʼlumot taqdim etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston iqtisodiyoti va uning sarmoyaviy jozibadorligi, yirik “yashil” investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi, ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, madaniyat, sanʼat, turizm, fan, yoshlarga oid siyosat hamda ajdodlarning ilmiy-maʼnaviy merosini o‘rganish sohalarida erishilgan yutuqlar yoritib berildi.
Universitet 1959-yilda “University College of Sussex” sifatida tashkil etilgan, 1961-yilda esa rasman universitet maqomini olgan. Hozirda unda 18 ming nafarga yaqin talabalar tahsil olmoqda. Muassasada 2 ming nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat yuritadi. Universitetda tabiiy fanlar, aniq fanlar, gumanitar va ijtimoiy fanlar, biznes, xorijiy tillar, sanʼat va boshqa ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha bakalavr va magistratura dasturlari mavjud.
Brayton-Sasseks tibbiyot maktabi (BSMS) rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Britaniya tomoni O‘zbekistonning tibbiyot oliy o‘quv yurtlari bilan, xususan, pediatriya, endokrinologiya va yuqumli kasalliklarni davolash sohalarida hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Qayd etilishicha, maktab 2002-yilda Brayton va Sasseks universitetlari hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, Buyuk Britaniyaning yetakchi tibbiyot taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. BMBS taʼlim dasturi besh yilga mo‘ljallangan, unga har yili 200 nafarga yaqin talaba qabul qilinadi va klinik amaliyot birinchi kursdan boshlanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Sankt-Peterburgda “O‘zbekiston yosh peterburgliklar nigohida” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi






