Misr OAV: Samarqand forumi va “Tax Free” tizimi O‘zbekiston turizmiga yangi surʼat bag‘ishlaydi

Iyul 25, 2026. 12:30 • 2 daq

110
Misr OAV: Samarqand forumi va “Tax Free” tizimi O‘zbekiston turizmiga yangi surʼat bag‘ishlaydi
Misr OAV: Samarqand forumi va “Tax Free” tizimi O‘zbekiston turizmiga yangi surʼat bag‘ishlaydi

QOHIRA, 25-iyul. /“Dunyo” AA/. Misrning qator nashrlarida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan xalqaro forum hamda O‘zbekistonda xorijiy sayyohlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish tizimi joriy etilganiga bag‘ishlangan turkum maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Al-Yaum as-Sabia” gazetasining xabar berishicha, 24–25-iyul kunlari Samarqand shahrida I Xalqaro birodarlashgan shaharlar forumi bo‘lib o‘tadi. Ushbu forum O‘zbekistonning xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, shaharlar o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash, xalq diplomatiyasini qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or tajriba almashish hamda uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydon yaratishga qaratilgan.

Forum dasturidan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, panel sessiyalari va davra suhbatlari, shuningdek, birodarlashgan shaharlar o‘rtasida hamkorlik memorandumlari va bitimlarini imzolash marosimlari o‘rin olgan.

“See.news” portali maʼlum qilishicha, 2026-yil 1-apreldan eʼtiboran O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida xorijiy fuqarolar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qaytarish (Tax Free) tizimi joriy etildi.

Ushbu tizim sayyohlarga mamlakat hududida sotib olingan tovarlar uchun to‘langan QQS summasini qaytarib olish imkonini beradi. Mablag‘lar tovar mamlakat tashqarisiga olib chiqilgandan so‘ng uch ish kuni ichida naqd pulda to‘lanadi yoki bank kartasiga o‘tkazib beriladi. Bu yangilik O‘zbekistonning turistik jozibadorligini oshirish, chakana savdo hajmini ko‘paytirish hamda turizm sohasining barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, kelgusida ushbu tizimni bosqichma-bosqich kengaytirib, temir yo‘l vokzallari va chegara-bojxona postlarini ham qamrab olish, shuningdek, jarayonni raqamlashtirishga urg‘u bergan holda chakana savdo shoxobchalari tarmog‘ini yana-da kengaytirish rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish