Turkiyada O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni: milliy qadriyatlar va vatandoshlar birdamligi
Dekabr 05, 2025. 09:40 • 2 daq
• 306
ANTALYA, 7-dekabr. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Antalya shahrida O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Antalya shahridagi “Nozim Xikmat” madaniyat markazida O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan madaniy-maʼrifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari qo‘mitasi raisi boshchiligidagi delegatsiya hamda O‘zbekistonning Turkiya Respublikasidagi Elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.
Mazkur tadbirda Turkiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar, “O‘zbegim – madaniyat, taʼlim, tibbiyot, turizm, xalqaro hamkorlik va tadbirkorlar” uyushmasining vakillari, Antalyadagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbek talabalari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan inson qadrini ulug‘lash, huquq va erkinliklarni himoya qilish, ijtimoiy adolat, qonun ustuvorligi va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish tamoyillarining mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘z ifodasini topayotgani yuzasidan atroflicha fikrlar bildirildi.
Tadbir doirasida delegatsiya aʼzolari diaspora va talabalar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi. Vatandoshlar tomonidan turli yo‘nalishlarda taklif va tashabbuslar ilgari surildi va ayrim takliflarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Yurtdoshlarimiz O‘zbekistondagi keng ko‘lamli yangilanishlar haqida fikrlar bildirib, mamlakat rahbariyatining vatandoshlarga ko‘rsatayotgan eʼtiboridan mamnunlik izhor etdi.
Antalyada o‘tgan mazkur tadbir nafaqat Konstitutsiya kunining maʼnaviy-tarbiyaviy ahamiyatini yoritib berdi, balki Turkiyadagi o‘zbek diasporasi o‘rtasida o‘zaro birdamlikni kuchaytirish, milliy qadriyatlar va Konstitutsiyaviy g‘oyalarni targ‘ib qilish, vatandoshlar bilan institutsional hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi