JIDUda bitiruvchilarga tantanali diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi
Iyul 10, 2026. 20:30 • 3 daq
• 47
TOSHKENT, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. Bugun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU)da bakalavriat bosqichini muvaffaqiyatli yakunlagan 510 nafar bitiruvchiga tantanali diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda bitiruvchilar, professor-o‘qituvchilar, davlat idoralari va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev bitiruvchilarga tabrik so‘zi bilan murojaat qildi.
JIDU rektori so‘nggi yillarda universitetda keng ko‘lamli transformatsiya amalga oshirilganini taʼkidladi. Xususan, taʼlim dasturlari yangilandi, professor-o‘qituvchilar tarkibi kengaytirildi, yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi, ikki diplom dasturi yo‘lga qo‘yildi.
Rektor amalga oshirilayotgan barcha o‘zgarishlar diplomatiya, davlat boshqaruvi, xalqaro munosabatlar, huquq, iqtisodiyot va biznes sohalarida samarali faoliyat yurita oladigan raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga qaratilganini alohida taʼkidladi. U bitiruvchilarni erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslikka, o‘z bilimlarini doimiy takomillashtirib borishga, xorijiy tillarni puxta o‘rganishga, murakkab vazifalardan cho‘chimaslikka va O‘zbekistonga munosib xizmat qilishga daʼvat etdi.
Sodiq Safoyev o‘z nutqida universitet bilan aloqani saqlab qolish zarurligiga alohida eʼtibor qaratib, JIDU shunchaki diplom beradigan maskan emas, balki bitiruvchilari o‘zining halolligi, professionalligi, madaniyati va vatanparvarligi bilan munosib namoyon etishi lozim bo‘lgan katta kasbiy oila, tan olingan brend ekanini taʼkidladi. U, shuningdek, butun o‘qish davri mobaynida talabalarni qo‘llab-quvvatlagani uchun ota-onalarga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Marosim doirasida universitet hayoti va talabalarning yutuqlariga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Shuningdek, bitiruvchilarni O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari hamda mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar diplomatik missiyalari boshliqlari ham tabrikladi.
Yuqori akademik natijalarga erishgan va universitetning ijtimoiy hayotida faollik ko‘rsatgan 50 nafardan ortiq bitiruvchi alohida eʼtirof etildi. Qolgan bitiruvchilarga diplom va sertifikatlarni Tashqi ishlar vazirligi vakillari hamda JIDU rahbariyati topshirdi.
Tantanali tadbir talabalar va taklif etilgan sanʼatkorlar ishtirokidagi bayram konserti bilan yakunlandi.
2026-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini 510 nafar bakalavr tamomladi. Bitiruvchilarning salmoqli qismi Yevropa, Osiyo va AQSHning yetakchi universitetlarida o‘qishni davom ettirdi. Xalqaro munosabatlar, iqtisodiyot, siyosatshunoslik va huquqshunoslik eng talabgir yo‘nalishlar bo‘lib qolmoqda.
Bugungi kunda JIDU 60 dan ortiq xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan faol hamkorlik qilib, talabalarga akademik almashinuv, qo‘shma taʼlim dasturlarida ishtirok etish va xorijda o‘qishni davom ettirish imkoniyatlarini taqdim etmoqda. Universitetning ko‘plab bitiruvchilari hozirda davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar va biznes tuzilmalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi