Yevropa Komissiyasi Transkaspiy yo‘nalishini rivojlantirishga qaratilgan yangi platformani ishga tushirdi
Iyul 10, 2026. 19:30 • 2 daq
• 43
KIYEV, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. Yevropa Komissiyasi Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Qora dengiz mintaqalarini o‘zaro bog‘laydigan platformani ishga tushirganini eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Kyiv Diplomatic” jurnali maʼlumotiga tayanib.
Maqolada taʼkidlanishicha, mazkur tashabbus transport, energetika, raqamli infratuzilma va savdo sohalaridagi strategik investitsiyalarni muvofiqlashtirishga yo‘naltirilgan.
Platforma kengayish masalalari bo‘yicha komissar Marta Kos, xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Yozef Sikela hamda barqaror transport va turizm bo‘yicha komissar Apostolos Sitsikostas tomonidan tashkil etilgan yuqori darajadagi vazirlar uchrashuvida taqdim etildi.
Yig‘ilishda Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar, Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz davlatlari, Turkiya, Ukraina, Moldova, G7 va xalqaro moliya institutlarining transport vazirlari hamda yuqori darajadagi vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda xalqaro moliya institutlari bilan transport infratuzilmasini rivojlantirish, nazorat-o‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilish va savdo tartib-taomillariga ko‘maklashish maqsadida 2 milliard yevrogacha mablag‘ jalb etish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi.
Ishtirokchilar Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ishonchli va barqaror yo‘nalish sifatida tobora muhim ahamiyat kasb etayotgan Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratdi. Yevropa Komissiyasi ushbu yo‘nalishning ishlashini baholash va uning raqobatbardoshligini oshirish uchun ustuvor chora-tadbirlarni belgilashga taklif qilmoqda.
Yangi platforma “Global Gateway EU” strategiyasining bir qismi bo‘lib, Janubiy Kavkaz va Qora dengiz mintaqasi orqali Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasida transport, energetika va raqamli aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni muvofiqlashtirishni nazarda tutadi.
Tashabbusni amalga oshirish xalqaro savdoni rivojlantirish, transport bog‘liqligini oshirish va ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi