Rossiyada ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 12 nafar o‘zbekistonlik bola vatanga qaytarildi
Avgust 30, 2026. 14:30 • 2 daq
• 77
MOSKVA, 30-avgust. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning turli hududlarida ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoki og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarolarining 12 nafar voyaga yetmagan farzandi vatanga qaytarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur insonparvarlik tadbiri O‘zbekiston elchixonasi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakillarining yaqin hamkorligida amalga oshirildi.
Bolalarning 8 nafari Moskva viloyatidan, 1 nafari Chuvashiya Respublikasidan, 1 nafari Moskva shahridan, 1 nafari Novosibirsk viloyatidan va 1 nafari Tula shahridan olib kelindi.
Bortga kuzatish va yuborish jarayonida mas’ul vazirlik va idora xodimlari tomonidan bolalarning shaxsini aniqlash, vatanga qaytish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni rasmiylashtirish, ularni to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va boshqa tashkiliy masalalar muvaffaqiyatli hal etildi.
Elchixona va hamkor tashkilotlar tomonidan tizimli ravishda amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar mamlakatimiz fuqarolari, xususan, voyaga yetmagan bolalarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda ularni manzilli ijtimoiy muhofaza bilan qamrab olishga xizmat qilmoqda.
2026-yilning o‘tgan 8 oyi davomida Rossiyaning turli hududlaridan ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoki og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan jami 38 nafar voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Hozirda bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda va yana 22 nafar bolani yurtimizga olib kelish bo‘yicha tegishli hujjatlar tayyorlanmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi