O‘zbekiston Prezidenti Hindiston Bosh vaziriga "Oliy Darajali Do‘stlik" ordenini topshirdi

Avgust 30, 2026. 14:56 • 2 daq

17
O‘zbekiston Prezidenti Hindiston Bosh vaziriga "Oliy Darajali Do‘stlik" ordenini topshirdi

TOSHKENT, 30-avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun Ko‘ksaroy qarorgohida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modiga O‘zbekiston Respublikasining “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, marosimda ta’kidlanganidek, Hindistonning so‘nggi yillardagi jadal taraqqiyoti hamda xalqaro maydonda tobora ortib borayotgan nufuzi bevosita mamlakat yetakchisining samarali faoliyati bilan bog‘liq. Muvaffaqiyatli dastur va strategiyalar tufayli zamonaviy Hindiston barcha sohalarda olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.

Davlatimiz rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, bu qaror Hindiston Bosh vazirining ikki xalq o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shayotgan beqiyos hissasi uchun O‘zbekiston xalqi va davlatining yuksak ehtiromi ifodasi ekanini aytib o‘tdi.

Ushbu tarixiy tashrif va o‘tkazilgan sermahsul muzokaralar natijasida do‘st mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga erishildi.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar yangi sifat bosqichiga olib chiqilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mazkur mukofot ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishiga ishonch bildirildi.

– Umumiy intilish va harakatlarimiz bilan ko‘p qirrali va uzoq muddatli aloqalarimiz kelgusida ham jadal rivojlanib borishiga aminman, – dedi Prezidentimiz.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish