O‘zbekiston va O‘mon yetakchilarining siyosiy irodasi ikki mamlakat o‘rtasida savdo, investitsiyalar va iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish uchun keng ufqlarni ochmoqda

Noyabr 17, 2026. 10:00 • 4 daq

• 104
O‘zbekiston va O‘mon yetakchilarining siyosiy irodasi ikki mamlakat o‘rtasida savdo, investitsiyalar va iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish uchun keng ufqlarni ochmoqda
O‘zbekiston va O‘mon yetakchilarining siyosiy irodasi ikki mamlakat o‘rtasida savdo, investitsiyalar va iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish uchun keng ufqlarni ochmoqda
O‘zbekiston va O‘mon yetakchilarining siyosiy irodasi ikki mamlakat o‘rtasida savdo, investitsiyalar va iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish uchun keng ufqlarni ochmoqda
O‘zbekiston va O‘mon yetakchilarining siyosiy irodasi ikki mamlakat o‘rtasida savdo, investitsiyalar va iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish uchun keng ufqlarni ochmoqda

MASKAT, 17-noyabr. /“Dunyo” AA/. Prezidentimizning O‘mon Sultonligiga davlat tashrifi arafasida ushbu mamlakatning qator nufuzli ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan turkum maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, “Al Roya” kundalik iqtisodiy nashrida e’lon qilingan “Siyosiy iroda savdo, investitsiya va iqtisodiy sheriklik uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda” sarlavhali maqolada O‘mon va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar jadal rivojlanayotgani qayd etilgan.

Maqolada ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikning muhim institutsional asosi bo‘lgan O‘mon–O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi faoliyatiga alohida e’tibor qaratilgan.

2009-yilda tashkil etilgan, ustav kapitali 266 million dollarni tashkil etuvchi mazkur kompaniya sanoat, moliyaviy xizmatlar, logistika, infratuzilma, ko‘chmas mulk va boshqa sohalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda.

Qo‘shma investitsiya kompaniyasi tomonidan o‘zaro hamkorlik doirasida umumiy qiymati 510,8 million dollarlik 12 ta loyiha yakunlangan, yana 936,3 million dollarlik 16 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Ingliz tilida chop etiladigan “Times of Oman” nashrida chop etilgan maqolada ham ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning yangi bosqichi, mavjud imkoniyatlar va istiqbolli yo‘nalishlar tahlil qilingan.

Nashrda O‘monning Sohar, Duqm va Salala kabi yirik portlari, erkin iqtisodiy zonalari va xalqaro savdo yo‘llariga chiqish imkoniyatlari O‘zbekiston uchun muhim logistik ustunlik ekani ta’kidlangan.

Maqolada O‘zbekiston–Turkmaniston–Eron–O‘mon transport yo‘nalishini rivojlantirish istiqbollariga ham e’tibor qaratilgan. Dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun mazkur yo‘lak Markaziy Osiyo tovarlarini Fors ko‘rfazi, Janubiy Osiyo va Sharqiy Afrika bozorlariga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkinligi qayd etilgan.

“Oman Daily Observer” nashrida e’lon qilingan materiallarda O‘zbekiston–O‘mon hamkorligining iqtisodiy va madaniy yo‘nalishlari keng yoritilgan. Materiallarda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishda Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning o‘rniga alohida urg‘u berilgan.

2025-yil iyun oyida Toshkentda o‘tkazilgan komissiyaning beshinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlar, jumladan, aviaqatnovlar imkoniyatlarini kengaytirish va o‘zbek mahsulotlarini O‘mon portlari orqali qayta eksport qilish masalalari hamkorlikning amaliy natijalari sifatida ko‘rsatilgan.

Nashrda O‘zbekiston va O‘mon iqtisodiyotlarining bir-birini to‘ldiruvchi imkoniyatlari ham tahlil qilingan. O‘zbekistonning sanoat, qishloq xo‘jaligi, tabiiy resurslar va ishlab chiqarish salohiyati, O‘monning esa rivojlangan port infratuzilmasi, moliyaviy resurslari va xalqaro savdo yo‘llariga chiqish imkoniyatlari o‘zaro manfaatli sheriklik uchun mustahkam zamin yaratadi.

“Oman News Agency” agentligida madaniy-gumanitar hamkorlikka bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston va O‘mon xalqlarining boy tarixiy merosi, adabiy an’analari, ma’naviy qadriyatlari va madaniy mushtarakligi ikki xalqni yaqinlashtiruvchi muhim omil ekani ta’kidlangan.

Maqolada O‘mon vakillarining O‘zbekistonda an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari”, maqom va baxshichilik san’ati xalqaro festivallari hamda hunarmandchilik anjumanlarida muntazam ishtirok etishi madaniy aloqalarning amaliy ifodasi sifatida qayd etilgan. 

2025-yil 26–30-aprel kunlari Xiva shahrida o‘tkazilgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida O‘monning “Al-Shahbo” ijodiy guruhi ishtirok etgani alohida e’tirof etilgan.

Joriy yil 12-noyabr kuni Maskat shahridagi “Al Mouj Muscat” majmuasida O‘zbekiston madaniyat kunlarining tantanali ochilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilayotganining yana bir yorqin dalili bo‘ldi.

O‘mon madaniyat, sport va yoshlar vaziri Sayyid Saud Hilol al-Busaidiy hamda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirokida o‘tgan tadbir doirasida o‘zbek milliy hunarmandchiligi ko‘rgazmasi, ijodiy mahorat darslari, bolalar uchun rasm chizish mashg‘ulotlari va musiqiy chiqishlar tashkil etildi.

“Oman News Center” portalida O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi munosabatlar faqat siyosiy muloqot yoki savdo ayirboshlash bilan cheklanib qolmayotgani, balki investitsiya, sanoat, transport-logistika, turizm, ta’lim va madaniyat kabi keng qamrovli yo‘nalishlarni ham qamrab olayotgani haqida turkum lavhalar, intervyular va munosabatlar namoyish etilgan.

Shu mazmundagi materiallar O‘mondagi qator ommabop OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda ham e’lon qilinmoqda. Ularda O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib, o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalar ko‘lami tobora kengayib borayotgani alohida ta’kidlanmoqda. Xususan, 2026 yilning yanvar–sentyabr oylarida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,4 baravarga oshgani qayd etilgan.

Shuningdek, 2026-yil iyul oyidan boshlab Maskat va Toshkent shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilgani o‘zaro ishbilarmonlik aloqalarini yanada faollashtirish, tadbirkorlar o‘rtasidagi muloqotlarni kengaytirish hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratayotgani e’tirof etilgan.

Umuman olganda, O‘monning nufuzli va ommabop ommaviy axborot vositalari oliy darajadagi O‘zbekiston–O‘mon sammitida samarali natijalarga erishilishi kutilayotgani, davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikka yangi turtki berishi haqida batafsil yozmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish