Hindistondagi universitetda o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bakalavriat yo‘nalishi ochildi

Oktabr 22, 2026. 19:30 • 2 daq

• 11
Hindistondagi universitetda o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bakalavriat yo‘nalishi ochildi

DЕHLI, 22-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan Jamiya Milliya Islomiya universitetida O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda universitet professori Shahid Taslim, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari vakillari, hind mutaxassislari hamda o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.

Uchrashuvda yurtimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning xalqaro nufuzini oshirish, ta’lim va madaniyat sohalaridagi islohotlar hamda O‘zbekiston–Hindiston oliy ta’lim sohasidagi hamkorligini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Shahid Taslim ta’kidlaganidek, Jamiya Milliya Islomiya universitetida o‘zbek tili kurslari 2004-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Joriy yildan boshlab universitet ta’lim dasturiga o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bakalavriat yo‘nalishi kiritilib, 20 nafardan ziyod talaba tahsil olishni boshladi.

Davra suhbati davomida talabalar o‘zbek tili bo‘yicha bilimlarini namoyish etib, O‘zbekiston tarixi, adabiyoti va madaniyatini kengroq o‘rganishga qiziqish bildirdi. O‘zbekiston oliygohlarida tahsil olish va hind talabalari uchun stipendiya imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Tadbirda Jamiya Milliya Islomiya universiteti hamda O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni qo‘llab-quvvatlash muhimligi alohida ta’kidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish