Vengriyaning nufuzli universitetida O‘zbekiston adabiyoti burchagini ochish rejalashtirilmoqda
Yanvar 16, 2026. 11:03 • 2 daq
• 52
BUDAPESHT, 16-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yuksaltirish maqsadida Etvosh Lorand universiteti Turkiyshunoslik kafedrasi mudiri, Sharqshunoslik instituti direktori, o‘zbek tili bo‘yicha mutaxassis, professor Benedek Peri bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Benedek Peri Turkiyshunoslik kafedrasi haqida gapirar ekan, mazkur muassasa 1817 yilda vengriyalik turkiyshunos, sharqshunos olim Armin Vamberining Buxoro va Xiva xonliklariga qilgan sayohatlari davomida to‘plagan ilmiy manbalar asosida ochilganini taʼkidladi.
Maʼlumot berilishicha, ushbu kafedra huzuridagi kutubxonada O‘zbekistonga oid yuzlab nodir qo‘lyozmalar, ilmiy jurnal va adabiyotlar saqlanmoqda. Universitet talabalari tomonidan Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy ijodiga oid ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. “O‘zbek-vengr” tarjima lug‘atini yaratish, Navoiy, Bobur asarlarini vengr va ingliz tillariga tarjima qilish ustida ish olib borilmoqda.
Benedek Peri 2026 yil fevral oyida bo‘lib o‘tadigan “Navoiy va Sharq renessansi” mavzusidagi xalqaro simpoziumda o‘zining Navoiy ijodiga bag‘ishlangan asarlari bilan ishtirok etishini maʼlum qildi.
Hozirgi vaqtda Turkiyshunoslik kafedrasida “Turkiya”, “Qirg‘iziston” burchaklari ochilgan, Ozarbayjon tili va madaniyat markazi faoliyat yuritmoqda.
2026 yil mart oyida universitetda O‘zbekiston adabiyoti burchagini ham ochish ko‘zda tutilgan. Ushbu burchakning ochilish marosimi Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondining Vengriyaga tashrif davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi