Moskvadan munosabat: O‘zbekiston Qurolli Kuchlari yaxshi taʼminlangan va barcha turdagi operatsiyalarni o‘tkazishga tayyor, davlat xavfsizligi va suverenitetini ishonchli taʼminlaydi
Yanvar 14, 2026. 12:16 • 2 daq
• 164MOSKVA, 14-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari, akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlar harbiy attashelari, ekspert va jamoat arboblari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Diplomatlarimiz so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyati tubdan o‘zgarganini taʼkidladi. O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakat xavfsizligi va barqarorligini taʼminlashga qodir qudratli kuchga aylangani qayd etildi.
O‘zbekiston xalqaro huquq normalari va mamlakat milliy qonunchiligiga asoslangan holda tinchliksevar, moslashuvchan va pragmatik harbiy siyosat olib borayotgani haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar alohida qayd etildi. Shu bilan birga, Rossiya tomoni vakillariga respublikada ijtimoiy-iqtisodiy sohani yanada rivojlantirish, mamlakat Qurolli Kuchlarining qudrati, mudofaa qobiliyati va harbiy salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirish jarayoni qanday amalga oshirilayotgani haqida maʼlumot berildi.
Ishtirokchilarga milliy armiyamizdagi islohotlar, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish, jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish qilindi.
Tadbirda ishtirok etgan Rossiyaning “Milliy mudofaa” jurnali bosh muharriri Igor Korotchenko vakillarimizni Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabrikladi:
– Qadrli do‘stlar, o‘z Vatanini himoya qilayotgan barcha insonlarni kasb bayrami – O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan qutlayman. Bugungi kunda harbiy kuch omili, ayniqsa, notinch xalqaro vaziyatda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada O‘zbekiston Qurolli Kuchlari yaxshi taʼminlangan va barcha turdagi operatsiyalarni o‘tkazishga tayyor, davlat xavfsizligi va suverenitetini ishonchli taʼminlaydi.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni – Shavkat Mirziyoyevning tajribali va kuchli siyosatchi ekanini taʼkidlash lozim. Uning tajribasi va siyosiy irodasi tufayli bugun O‘zbekiston armiyasi har qanday vazifani hal etishga qodir kuchga aylangan.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha yo‘nalishda hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Albatta, biz hamkasblarimizni, do‘stlarimizni va jangovar birodarlarimizni kasb bayrami bilan tabriklashdan mamnunmiz.
Ushbu qutlug‘ kunda qo‘llab-quvvatlash, eʼtirof, hurmat va tabrik so‘zlarimizni izhor etamiz. Mamlakatlarimiz tinchligi, xavfsizligi va ravnaqi yo‘lida Rossiya–O‘zbekiston harbiy-texnik hamkorligi yanada mustahkamlanishiga ishonamiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





