Islomobоddan tabrik: Pokiston-O‘zbekiston munosabatlari Yangi – 2026-yilda yana-da yuqori bosqichga ko‘tariladi
Yanvar 02, 2026. 08:02 • 2 daq
• 210
ISLOMOBOD, 5-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi turizm brendi elchisi Hamid Mahmud Chaudri xalqimizni Yangi – 2026-yil bilan tabrikladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
– Men O‘zbekistonning Pokistondagi turizm brendi elchisi sifatida yurtingizga ko‘p boraman. Safarlarim davomida O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida olib borilayotgan islohotlar samarasidan hayratda qolaman. Yangi O‘zbekistonni barpo etish g‘oyasi butun mamlakatni qamrab olgan. Eng muhimi, bu islohotlarni O‘zbekiston xalqi yakdil bo‘lib qo‘llab-quvvatlamoqda. Albatta, bunday ulkan o‘zgarishlar mamlakat aholisi farovonligini oshishiga ham xizmat qilayapti.
2025-yil Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda ham tub burilish yili bo‘ldi. Barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlik mustahkamlandi, jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida hamkorlik qilish uchun imkoniyatlar kengaydi. Pokiston biznesining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortayapti.
Turizm yo‘nalishida ham aloqalarimiz tobora rivojlanyapti. So‘nggi yillarda O‘zbekiston pokistonliklar uchun eng ommabop sayyohlik yo‘nalishiga aylandi. Pokiston aholisi O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Toshkent va Xiva shaharlarining qadimiy obidalari va madaniy merosini ko‘rishga katta qiziqish bildiryapti. Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband kabi ulug‘ allomalaringiz maqbaralarini ziyorat qilish har bir yurtdoshimning orzusiga aylangan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu borada Islomobod-Toshkent, Toshkent-Lahor o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar qulay imkoniyat yaratmoqda. Jumladan, 2025-yilda Pokistondan 10 mingdan ortiq sayyoh O‘zbekistonga bordi.
Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston sayyohlik salohiyati, xususan ziyorat turizmi yana-da ko‘proq turistlarni jalb etish imkonini beradi. Bu borada, Yangi yilda O‘zbekiston turistik salohiyatini Pokistonda yana-da targ‘ib qilish bo‘yicha bir qator tashabbuslar va targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirishni maqsad qilganmiz. Shuningdek, ikki mamlakat turkompaniyalari, turagentliklari o‘rtasida ham yaqin sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish orqali sayyohlar almashinuvini oshirish, yangi turpaketlarni ishlab chiqish rejalarimiz bor.
Yana bir gap. Pokiston O‘zbekiston munosabatlari bugun yoki kecha boshlangani yo‘q, bizning tariximiz, madaniyatimiz, dinimiz mushtarak. Aynan ushbu umumiylik o‘zbek va pokiston xalqlarini yana-da yaqinlashtirmoqda. Ishonchim komilki, O‘zbekiston – Pokiston munosabatlari kirib kelgan Yangi – 2026-yilda ham yana-da yuqori bosqichga ko‘tariladi.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston aholisini Yangi – 2026-yil bilan samimiy tabriklayman. O‘zbekiston rahbariyati mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsadlariga erishishini, xalqingizga esa farovonlik tilayman.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi