YUNESKOda Buyuk Ipak yo‘li merosi haqida xalqaro tadbir o‘tkazildi
Iyun 14, 2026. 10:00 • 3 daq
• 86PARIJ, 14-iyun. /“Dunyo” AA/. YUNESKO qarorgohida Xalqaro sivilizatsiyalar muloqoti kuni munosabati bilan “Buyuk Ipak yo‘li merosi, sayohatlar va an’analar: madaniyatlararo muloqot sari yo‘l” mavzusida xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar qiladi “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekistonning YUNESKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi tadbirning hamtashkilotchilaridan biri sifatida ishtirok etdi.
Tadbirda YUNESKO Kotibiyati, diplomatik korpus, ilmiy-ekspert doiralar, madaniy va akademik muassasalar vakillaridan iborat 300 nafardan ortiq kishi qatnashdi.
YUNESKO Bosh direktorining o‘rinbosari Lidiya Brito Buyuk Ipak yo‘li insoniyat tarixida bilim, g‘oya, madaniyat va an’analar almashinuvining muhim maydoni bo‘lgani, bu meros bugungi kunda ham sivilizatsiyalar o‘rtasidagi ishonch va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Tadbir doirasida madaniy-gastronomik ko‘rgazma ham tashkil etildi. Taqdimotlarda Buyuk Ipak yo‘lining nafaqat savdo yo‘nalishi, balki xalqlar o‘rtasidagi diplomatik, madaniy va intellektual aloqalar makoni sifatidagi ahamiyati keng yoritildi.
YUNESKO huzuridagi O‘zbekistonning doimiy vakili Kamol Muxtarov Buyuk Ipak yo‘li O‘zbekiston uchun tarixiy meros bilan bir qatorda madaniy muloqot va o‘zaro anglashuvning jonli timsoli ekanini qayd etdi. U mamlakatimiz hududi qadimdan Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, diplomatiya va ilm-fan markazlaridan biri bo‘lganini ta’kidlab, Samarqandning Amir Temur davridagi xalqaro aloqalar markazi sifatidagi o‘rniga alohida to‘xtaldi.
O‘zbekistonning BMT va YUNESKO doirasida sivilizatsiyalar muloqoti, madaniy merosni asrash va gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari, jumladan, Samarqandda o‘tkazilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi va Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Tadbir qatnashchilariga Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazining maqsad va vazifalari taqdim etildi. Markazning arxitekturasi, muzey va ilmiy-tadqiqot imkoniyatlari haqidagi videorolik ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. YUNESKO vakillari mazkur markazni Markaziy Osiyo xalqlarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasini namoyon etuvchi muhim ilmiy-ma’rifiy maskan sifatida baholadi.
Ekspertlar muhokamalarida Samarqand, Buxoro va So‘g‘diyona hududining Buyuk Ipak yo‘li taraqqiyotidagi o‘rni alohida e’tirof etildi. Fransiyadagi Temuriylar tarixi va san’ati assotsiatsiyasi prezidenti, O‘zbekiston turizm elchisi Frederik Bopertyui-Bressan So‘g‘diyona hududi qadimgi madaniy qadriyatlar tarqalishining muhim markazlaridan biri bo‘lganini ta’kidladi.
Shuningdek, Leyden universiteti professori Yelena Paskaleva Temuriylar davri me’morchiligi haqida to‘xtalib, Samarqandni turli sivilizatsiyalar badiiy an’analari uyg‘unlashgan noyob madaniy markaz sifatida tavsifladi.
Tadbirning e’tiborli ishtirokchilaridan biri bo‘lgan fransuz sayohatchisi Loik Vuazo o‘zining Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab 12 ming kilometrlik sayohati tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. U Samarqand, Buxoro va Toshkentdagi tarixiy obidalar, o‘zbek milliy qadriyatlari va aholining mehmondo‘stligi haqida to‘lqinlanib so‘zladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


