Ras al-Xayma amirligi O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor

Iyun 14, 2026. 10:30 • 2 daq

112
Ras al-Xayma amirligi O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor

ABU-DABI, 14-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari BAAning Ras al-Xayma amirligi Savdo-sanoat palatasi raisi Muhammad Al Nuaymiy bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Ras al-Xayma amirligi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va ishbilarmonlik hamkorligining joriy holati hamda uni yanada rivojlantirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildi.

Muhammad Al Nuaymiy O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli iqtisodiy islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay biznes muhiti hamda mamlakatning yuqori investitsiyaviy salohiyatini alohida e’tirof etdi. U, shuningdek, ishbilarmon doiralari orasida O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga qiziqish tobora ortib borayotganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Ras al-Xaymada “Made in Uzbekistan” milliy ko‘rgazmasini tashkil etish, shuningdek, amirlikning yirik developerlik va qurilish kompaniyalarini Yangi Toshkent hududida ko‘chmas mulk va shaharsozlik loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida o‘zaro yaqin muloqot va amaliy hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Ras al-Xayma Savdo-sanoat palatasi raisi boshchiligida amirlikning yetakchi kompaniyalari rahbarlaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish hamda tashrif doirasida ikki mamlakat biznes hamjamiyati vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish