Xalqaro biznes-marafon Yaponiyadagi vatandoshlarni birlashtirdi
Mart 31, 2026. 08:10 • 2 daq
• 248
TOKIO, 31-mart. /“Dunyo” AA/. Yaponiya poytaxtidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti universitetida vatandoshlar o‘rtasida xalqaro biznes marafoni bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil sentyabr oyida Nyu-York shahriga amalga oshirgan tashrifi doirasida vatandoshlar hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etildi.
Marafonning asosiy maqsadi – xorijda faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarni yagona platforma asosida birlashtirish, mamlakat manfaatlariga xizmat qiladigan ilg‘or va amaliy biznes g‘oyalarni shakllantirish, yoshlar orasida tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda biznes yuritish madaniyatini yuksaltirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda 120 nafardan ortiq vatandosh tadbirkorlar, Yaponiyaning yetakchi kompaniyalarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, mamlakat oliy taʼlim muassasalari va taʼlim markazlarida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.
Marafon davomida O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov hamda “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi ijrochi direktori Xayrulla Sattorov xorijdagi vatandoshlarning milliy manfaatlarni ilgari surish, mamlakatning ilmiy, ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashdagi o‘rni beqiyos ekanini alohida taʼkidladi.
Uchrashuv davomida Yaponiyada faoliyat yuritayotgan hamyurtlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Jumladan, “Toyota Tsusho Corporation” kompaniyasining infratuzilma loyihalari departamenti ijrochi menejeri Nozimjon Xo‘jayev hamda “Uzbek Professionals in Japan” jamiyati asoschisi va raisi Shoxruhbek Ibragimov Yaponiyada biznes va kasbiy faoliyat yuritish bo‘yicha o‘z tajribalari haqida fikr yuritdi.
Shuningdek, tadbir doirasida Yaponiyaning innovatsion texnologiyalari va ilg‘or tajribasini O‘zbekistonga joriy etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi