O‘zbekiston delegatsiyasining Novosibirsk viloyatiga xizmat safari amalga oshirildi
Iyun 04, 2026. 17:55 • 2 daq
• 118NOVOSIBIRSK, 3-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Tashqi ishlar hamda Ichki ishlar vazirliklari, Musulmonlar idorasi, Migratsiya va Yoshlar ishlari agentliklari vakillaridan iborat delegatsiya Rossiyaning Novosibirsk viloyatiga xizmat safarini amalga oshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur keng qamrovli tashrif doirasida Novosibirsk viloyati rahbarligi, tegishli idoralar, yetakchi ta’lim tashkilotlari vakillari, mahalliy ish beruvchilar, shuningdek, hududda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar va mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlar davomida mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari tomonidan O‘zbekiston fuqarolari uchun konsullik-huquqiy masalalar, Rossiya migratsiya qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlar, mehnat huquqlari, ijtimoiy himoya kafolatlari hamda ushbu davlatda bo‘lish va yashash qoidalariga qat’iy rioya qilish yuzasidan aniq huquqiy va profilaktik tushuntirishlar berildi.
Davra suhbatida xorijdagi hamyurtlarimizga tezkor va sifatli amaliy ko‘mak ko‘rsatish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini xalqaro me’yorlar asosida himoya qilish borasida O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar alohida e’tirof etildi.
Inson omili va migratsiya masalalari bilan bir qatorda, iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish istiqbollari xususida ham fikr almashildi. Rasmiy muzokaralar doirasida O‘zbekiston va Novosibirsk viloyati uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish hamda axborot texnologiyalari sohasidagi sheriklikning ustuvor va istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.
Muloqot yakunida ishtirokchilar ikki tomonlama do‘stona va sheriklik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni izchil rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston diplomatlari Polshaning Lyubin va Krakov shaharlarida vatandoshlar bilan uchrashdi











