Logo

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi

Dekabr 26, 2025. 22:03 • 46 daq

70
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!

Hurmatli deputat va senatorlar!

Muhtaram mehmonlar!

Bugun Oliy Majlisga va ko‘pmillatli xalqimizga kelgusi yil uchun Murojaatnomani taqdim etar ekanman, avvalo, barchangizni sog‘-salomat, ko‘tarinki kayfiyatda ko‘rib turganimdan xursandman.

So‘nggi to‘qqiz yilda biz sizlar bilan, el-yurtimiz bilan birgalikda katta taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdik. Iqtisodiyotimiz yangidan shakllandi, bozor munosabatlarini, ijtimoiy himoyani kengaytirdik, qonun ustuvorligini mustahkamladik. Eng muhimi, islohotlarimiz samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson kundalik hayotida his qilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni o‘rgandik. Buning tasdig‘ini tobora yangicha qiyofa kasb etib borayotgan shahar va qishloqlarimizda, zamonaviy korxonalar, savdo-servis maskanlari, maktab, bog‘cha va shifoxonalar, obod ko‘cha va mahallalar, transport-logistika tizimi, raqamli xizmatlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

 

Qadrli vatandoshlar!

Bugungi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan va yaqin-yaqingacha hech kim tasavvur qila olmagan o‘zgarishlar, davlatlar o‘rtasida iqtisodiy qarama-qarshilik, xavfsizlikka tahdidlar ortib borayotgan tahlikali bir vaziyatda sizlar bilan o‘ta murakkab yilni yakunlayapmiz.

Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, boshlagan demokratik islohotlarimizni qatʼiy davom ettirganimiz; xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi va yoshlarimizning g‘ayrat-shijoati; hamjihatlik asosi bo‘lgan mahallaning hayotimizdagi o‘rni va taʼsirini kuchaytirganimiz; odamlarimizning ongi va dunyoqarashini o‘zgartirib, el-yurtimizni yana-da jipslashtirganimiz; tadbirkor, dehqon va fermerlarimizning tashabbuskorligi va mardona mehnati; o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan do‘stona tashqi siyosatimiz hisobiga 2025-yilda barcha sohalarda ulkan yutuqlarga erishdik.

Avvalo, jahon miqyosida ishlab chiqarish va transport-logistika zanjirlari uzilgan, xomashyo va moliyaviy resurslar narxi oshgan sharoitda ham mamlakatimiz iqtisodiyoti ishonchli va barqaror o‘sishda davom etayotganini qayd etish lozim.

Bu natijalar dunyo hamjamiyati va nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilmoqda.

Eʼtibor bering, bundan to‘qqiz yil oldin iqtisodiyotimiz hajmini 100 milliard dollarga yetkazish biz uchun juda katta marra bo‘lib ko‘rinardi. Bu yil tariximizda birinchi marta yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliard dollardan oshdi. Bunday yuksak natijalar xalqimizning, barchamizning qanday ulkan ishlarga qodir ekanimizni yaqqol namoyon etmoqda.

Global savdo tizimida “o‘yin qoidalari” o‘zgarayotgan bir paytda biz bu yil eksportimizni 23 foizga oshirib, 33,4 milliard dollarga yetkazamiz. Eng muhimi, islohotlarimiz uchun mustahkam moliyaviy baza bo‘ladigan oltin-valyuta zaxiralarimiz ilk bor 60 milliard dollardan oshdi.

Bu yil iqtisodiyotimizga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi 43,1 milliard dollarga yetdi. Jami investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 31,9 foizni tashkil etmoqda. Bu esa iqtisodiyotimiz kelgusi yillarda ham yuqori surʼatlar bilan barqaror o‘sib borishi uchun zamin bo‘ladi.

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-eʼtibori va nufuzi, xalqaro reytinglardagi o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda. Xususan, yetakchi xalqaro reyting agentliklari mamlakatimizning suveren reytingini “BB -”dan “BB” pog‘onasiga ko‘tardi.

Bu gaplar ko‘pchilikka oddiy bir fakt bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin, iqtisodchilar, investor va bankirlar gap naqadar katta natijalar haqida borayotganini juda yaxshi tushunib turibdi. Birgina ana shu o‘zgarish tufayli chetdan jalb qilinadigan resurslarning foiz stavkasi 1-1,5 punktga pasayib, tashqi qarz xarajati yiliga kamida 300 million dollarga kamayadi.

Shuningdek, Jahon banki eʼlon qilib boradigan Davlatlarning texnologik yetuklik indeksida O‘zbekiston 71 pog‘ona yuqori ko‘tarilib, dunyoning top-10 ta mamlakati qatoridan joy oldi.

Aholi farovonligi va biznesni o‘stirishga xizmat qiladigan infratuzilmani yana-da yaxshilash bo‘yicha ham 2025-yil katta o‘zgarishlar yili bo‘ldi. Xususan, energetika sohasida tub burilish yasaganimiz hisobiga elektr ishlab chiqarish hajmini 85 milliard kilovatt-soatga yetkazdik.

Tasavvur qiling, 2017-yildagi 60 milliard kilovatt-soat generatsiya darajasida qolib ketganimizda, hozir iqtisodiyotimiz hajmini 2 karra oshira olarmidik? Ishlab chiqarishning o‘sib borayotgan talabini, 38 million aholi ehtiyojini qoplab bo‘larmidi?

Bu yil 188 ta mahalladagi 715 ming aholi yashaydigan xonadonlarga birinchi marta toza ichimlik suvi kirib bordi, yana 2 million 300 mingga yaqin aholining suv taʼminoti yaxshilandi. Yoki 867 ta “og‘ir” mahalladagi 470 mingta xonadonga tomorqalarni sug‘orish uchun ilk bor suv yetib bordi.

Joriy yilda aholiga 8 million 100 ming kvadrat metrli, 135 ming xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar topshirilmoqda, odamlarning o‘zi ham yashash sharoitini yaxshilash uchun 19 million kvadrat metr maydonda qurilish qildi. Biznes vakillari tomonidan 24 million kvadrat metr noturar-joy obyektlari barpo etildi.

Umuman, so‘nggi to‘qqiz yilda 210 million kvadrat metrli turar-joy va noturar-joy obyektlari foydalanishga topshirildi.

Bu raqamlarga urg‘u berib aytayotganim albatta bejiz emas. Agar yo‘l, suv, elektr va boshqa infratuzilmalar uchun zarur mablag‘ni topib bermaganimizda, quruvchilar va qurilish materiallari korxonalari uchun sharoit yaratib bermaganimizda, ipoteka tizimini yo‘lga qo‘ymaganimizda, shuncha bunyodkorlik ishlari bo‘larmidi?

Joriy yilda 5 million aholimiz daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi. Qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqdi, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi.

Kambag‘al oilalarga mansub 168 ming nafar bola davlat bog‘chalariga imtiyozli asosda qabul qilindi. Bu yildan boshlab, 208 ta bog‘chada birinchi marta inklyuziv taʼlim tizimini joriy etdik.

Taʼkidlash kerakki, yurtimizda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi.

Bir eslang, bu ishlarni boshlaganimizda aholimizning uchdan bir qismi kambag‘allik chegarasida yashardi. Kredit, subsidiya, kompensatsiya kabi 100 dan ziyod xizmatlar orqali ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi tizimini yo‘lga qo‘yganimiz va bularni mahalladagi “yettilik”ning o‘ziga berganimiz natijasida 8,5 milliondan ziyod odam kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik 2 karra qisqardi. Natijada uch yil oldin kambag‘allikni 2026-yil yakuni bilan 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan marramizni shu yilning o‘zida uddaladik.

Eng muhim yutuqlarimiz haqida so‘z yuritganda, azmu shijoatli sportchilarimizning nufuzli xalqaro musobaqalarda erishgan g‘alabalarini mamnuniyat bilan taʼkidlash o‘rinlidir.

Avvalo, O‘zbekiston futboli uchun 2025-yil chinakam tarixiy yil bo‘ldi. Milliy terma jamoamiz ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Mohir shaxmatchilarimiz Jahon kubogi musobaqalarida munosib ishtirok etdi. Ayniqsa, navqiron grossmeysterimiz Javohir Sindorov eng yosh jahon kubogi sohibi bo‘lgani barchamizga yuksak g‘urur bag‘ishlaydi.

Eng muhimi, shaxmat olamidagi yutuqlarimiz shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. O‘tgan haftada 9-17 yoshli shaxmatchilar o‘rtasida “rapid” va “blis” yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionatida yurtimiz vakillari 5 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

Bu yilgi Yoshlar Paraosiyo o‘yinlarida jasorat va matonat sohibi bo‘lgan sportchilarimiz 125 ta oltin, 77 ta kumush va 52 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, ishtirokchi davlatlar orasida eng yuqori natijani qayd etdi.

Hech shubhasiz, isteʼdodli o‘g‘il-qizlarimiz taʼlim, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, sport va boshqa sohalarda erishayotgan katta yutuqlari bilan ham Yangi O‘zbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda.

O‘quvchi va talabalarimiz joriy yilda xalqaro fan olimpiadalarida 51 ta oltin, 101 ta kumush, 126 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, o‘z bilim va salohiyatini butun dunyoga namoyish qildi.

El-yurtimizning faxri bo‘lgan bunday farzandlarimizga, ularning ota-onalari va ustoz-murabbiylariga yana bir bor chin dildan tahsin aytamiz.

Maʼlumki, O‘zbekiston kelgusi yili 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga, 2027-yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga, 2029-yilda esa Yoshlar Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladi.

Shu bilan birga, 2026-yilda yurtimizda ilk bor maktab o‘quvchilari o‘rtasida nufuzli xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar talabalari o‘rtasida muhandislik yo‘nalishlarida, Turkiy davlatlar texnikumlari o‘quvchilari o‘rtasida kasb yo‘nalishlarida xalqaro olimpiadalar o‘tkaziladi. Ushbu musobaqalarda ham farzandlarimiz munosib ishtirok etadi, deb ishonaman.

Bunday nufuzli tadbirlar Vatanimizni rivojlangan sport va ilm-fan mamlakatiga aylantirish, uning obro‘-eʼtiborini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Keyingi paytda yurtimiz global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoniga aylanib bormoqda. Xususan, bu yil Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi; YUNESKO Bosh konferensiyasining sessiyasi; “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti va xalqaro Iqlim forumiga mezbonlik qildik.

Shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilarining mart oyida Xo‘jandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida birinchi marta uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolandi hamda “Abadiy do‘stlik to‘g‘risida”gi deklaratsiya qabul qilindi.

Mintaqamiz davlat rahbarlarining yaqinda Toshkentdagi Maslahat uchrashuvi chog‘ida biz integratsiya jarayonlarini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun Markaziy Osiyo hamjamiyati strategik formatini tashkil qilish g‘oyasini ilgari surdik. Ozarbayjonni Markaziy Osiyo hamjamiyati formatiga to‘la huquqli aʼzo sifatida qabul qilish to‘g‘risidagi qaror tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Ushbu qadam Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida strategik bog‘liqlik va barqarorlikni kuchaytirishi shubhasiz.

Shu bilan birga, oktyabr oyida Bryusselda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Noyabr oyida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va AQSH sammiti ko‘p tomonlama va uzoq muddatli sheriklikni sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.

O‘tgan haftada Tokioda Markaziy Osiyo va Yaponiya yetakchilarining uchrashuvida taʼlim, tibbiyot, raqamli texnologiyalar, infratuzilma va sanoat sohalari bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdik. Shu haftaning boshida esa Sankt-Peterburgda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv ham hamkorligimizning dolzarb yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Bularning barchasi xalqaro aloqalarimizni mazmun jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Biz dunyodagi uzoq-yaqin mamlakatlar bilan – Sharq va G‘arb, Shimol va Janub bilan hamkorlik ko‘priklarini qurishda davom etamiz.

 

Muhtaram yig‘ilish ishtirokchilari!

Bundan ikki yil oldin “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qabul qilganimizda yalpi ichki mahsulot hajmini 2030-yilgacha 160 milliard dollarga yetkazishni belgilab olgan edik. Ko‘rib turibsizlar, mavjud salohiyatimiz, bugungi islohotlarimiz, tadbirkorlarimizning faolligi, xorijiy sheriklarimiz bilan hamkorligimiz o‘sib borayotgani hisobiga bu marraga 2026-yilning o‘zida bemalol erisha olamiz.

Hozirgi global iqtisodiyotda raqobatga chidamli bo‘lish uchun malakali kasb egalari va mutaxassislar, zamonaviy texnologiyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini unutmaslik lozim. Agar biz sanoatda – elektronika va elektrotexnika, biokimyo va polimerlar, farmatsevtika, mashinasozlik kabi yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan sohalarni rivojlantirish; xizmatlarda – IT, sunʼiy intellekt, fintex, konsalting, transport-logistika kabi katta daromad keltiradigan servislarni ko‘paytirish; qishloq xo‘jaligida – unumdorlikni oshirish uchun bioinjeneriyadan keng foydalanish, ilg‘or agrotexnika va suv tejaydigan usullarni faol qo‘llash; iqtisodiy o‘sish va ekologik barqarorlik o‘rtasidagi muvozanatni taʼminlash uchun “yashil” energetika, chiqindisiz ishlab chiqarishga o‘tish; taʼlim va tibbiyotda – sifatni yangi bosqichga olib chiqadigan ilg‘or xorijiy tajribalarni keng joriy etish uchun yangi texnologiyalarni olib kirsak, kadrlarni ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan zamonaviy kasblarga tayyorlasak, kelgusi besh yilda iqtisodiyotimiz hajmini 240 milliard dollardan oshirishga barcha imkoniyatlarimiz bor.

Bu raqamlar aniq va puxta hisob-kitoblarga asoslangan prognoz. Xalqaro valyuta jamg‘armasi va nufuzli ekspertlarning xulosalari ham buni tasdiqlamoqda.


Hurmatli yurtdoshlar!

Biz – bugun 38 milliondan ziyod katta xalqmiz. Mashaqqatli va sharafli mehnatimiz bilan dunyoda hurmat topayotgan, ertangi kunga ishonch bilan dadil borayotgan, matonatli va g‘ururi baland millatmiz.

Biz o‘zgarishlarni kutib yashamaymiz, aksincha, ularni o‘zimiz, o‘z aql-zakovatimiz va masʼuliyatli mehnatimiz bilan yaratamiz.

Har yili aholimiz o‘rtacha 2 foizga o‘smoqda, 1 milliondan ziyod o‘g‘il-qizlarimiz katta hayotga kirib kelmoqda. Yoshlarimizga qarab, ular erishayotgan yutuqlarni ko‘rib, ko‘ksimiz tog‘dek ko‘tariladi, qanday ulkan bunyodkor kuch safimizga qo‘shilayotganidan g‘ururlanib ketamiz.

Albatta, bugungi murakkab zamonda yoshlarimizni turli sinovlarga chidamli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash, xalqimizni yana-da birlashtirish va jipslashtirishda, hech shubhasiz, o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan mahallaning o‘rni va ahamiyati katta.

Mahalla va yaxshi qo‘shnichilik o‘zaro uyg‘un qadriyatlardir. Ular jamiyatda insoniy va ijtimoiy kapitalni yana-da boyitishga beqiyos hissa qo‘shadi. Mamlakatimizda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovlarda ishtirok etganlarning 90 foizdan ko‘prog‘i o‘zini mahalla jamoasining bir qismi deb hisoblashi ham shundan dalolat beradi.

Barchamiz uchun ham ota, ham ona bo‘lgan mahallaga, shu asosda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usining yuqoriligi ushbu institut avvalo ijtimoiy birdamlik manbai ekanini ko‘rsatadi.

Albatta, biz uchun hozirgi global taraqqiyot davrida, dunyoda o‘ta keskin va tahlikali jarayonlar yuz berayotgan bugungi kunda milliy birlik nihoyatda muhim va zarur.

Donishmand bobolarimizning “Birlashgan – o‘zar, birlashmagan – to‘zar”, degan hikmatli maqoli bor.

Chindan ham, qarang, kimki birlashdi – hayotda o‘zdi, g‘alabaga erishdi. Kimki birlashmadi – to‘zib, yo‘q bo‘lib ketdi.

Tarix davomida qanday og‘ir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh bo‘lib qiyinchiliklarni yenggan. Oila – oilaga, qo‘shni – qo‘shniga ko‘mak berib yashagan. Biz mana shunday o‘ta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak.

Bugungi kunda jamiyatimizda turli xil fikr va qarashlar bo‘lishi tabiiy. Bu – demokratiyaning birlamchi talabi. Ammo, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, butun el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ bir g‘oya bor. U ham bo‘lsa, Vatan manfaati, xalqimiz manfaatidir.

Mana shunday buyuk maqsadga erishishda mahalla tizimining o‘rni va taʼsiri beqiyos. Chunki, mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi.

Shularning barchasini hisobga olib, 2026-yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb eʼlon qilishni taklif etaman.

Qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun rahmat.

Yangi yilning nomida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun alohida davlat dasturini qabul qilamiz. Ushbu dasturda yurtimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish kabi dolzarb masalalar o‘z ifodasini albatta topadi. Bu haqda men keyinroq batafsil to‘xtalib o‘taman.

Oldimizga qo‘ygan maqsadlarni faqat o‘zimiz – katta hayotiy tajribaga ega mahalla raislari va faollari, hurmatli nuroniylarimiz, opa-singillarimiz, serg‘ayrat yoshlarimiz, ziyolilarimiz, ishbilarmon tadbirkorlarimiz, Vatan posbonlari, bir so‘z bilan aytganda, butun xalqimiz bilan birgalikda amalga oshiramiz.


Hurmatli deputat va senatorlar!

Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu yo‘ldagi ishlarimiz har bir soha va tarmoqda chuqur transformatsiyani talab qiladi. Maqsadimiz aniq: yaqin yillarda daromadi jon boshiga o‘rtadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirish.

Farg‘ona vodiysidan Orolbo‘yigacha, Zarafshon vohasidan Qashqadaryo va Surxondaryogacha, Toshkentdan tortib Jizzax va Sirdaryogacha – yurtimizning qaysi hududida yashamasin, har bir fuqaromiz islohotlar natijasini kundalik hayotida yana-da ko‘proq his qilishi kerak. Shuning uchun, kirib kelayotgan 2026-yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, taʼlim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi.

Endi Murojaatnomaning asosiy qismi – 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat dastur haqida atroflicha to‘xtalib o‘tamiz.

Birinchi ustuvor yo‘nalish – mahalla infratuzilmasini yana-da yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirishdan iborat.

Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yo‘l, suv, elektr va transport taʼminoti, bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi. Shu bois mahalla tizimini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.

Mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali biz mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yana-da go‘zal va obod qilish borasidagi ishlarni davom ettiramiz.

Hozirgi vaqtda qaysidir mahallada yo‘l, qaysi birida suv yoki elektr masalasi, boshqasida bog‘cha, maktab, tibbiyot, yana birida uy-joy bilan bog‘liq masalalarga alohida-alohida yechim berilmoqda. Ochiq aytish kerak, buning o‘zi bilan mahalladagi barcha masalalarni to‘liq hal bo‘lib qolmaydi. Shuning uchun kelgusi yildan mahallani rivojlantirish bo‘yicha kompleks yondashuv joriy etiladi.

Har bir viloyatda 2-3 tadan tumanni tanlab, ulardagi hamma mahallada barcha muammolarni bir vaqtning o‘zida hal qiladigan tizim yaratamiz. Bu yangi tajribani Urgut tumanidan boshladik. Tumanda 100 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy ekoshahar barpo etiladi. Kelgusi yil 544 milliard so‘m ajratilib, 72 ta bog‘cha, maktab, poliklinika, shuningdek, ichki yo‘llar quriladi va taʼmirlanadi, kanallar beton bilan qoplanadi, 2 ta sel-suv ombori barpo etiladi.

Tanlab olingan 33 ta tuman va 330 ta sharoiti og‘ir mahalladagi ishlar ham shunday tashkil qilinadi. Ularda bir vaqtning o‘zida tadbirkorlik infratuzilmasi ham rivojlantiriladi. Ushbu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 8,5 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.

Deputatlarga o‘z okrugidagi muammolarni hal etish uchun 500 milliard so‘m, har bir deputatga 3,3 milliard so‘mdan beryapmiz. Bu borada “yashil hudud”, “yashil bog‘” yaratish bo‘yicha har bir deputatning tashabbusiga qo‘shimcha 330 million so‘mdan yo‘naltiramiz. Bunday yondashuv orqali 2030-yilgacha barcha tumanlardagi mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kiramiz.

Albatta, bu ishlarni samarali tashkil qilish uchun tuman byudjeti daromadlarini kamida 2 karra ko‘paytirishga sharoit yaratib berish zarur. Shu maqsadda, 2026-yil 1 yanvardan boshlab, qo‘shilgan qiymat solig‘idan tushumning Toshkent shahrida 5 foizi, qolgan hududlarda 20 foizi qoldirilib, bu mablag‘ning yarmi tumanlar byudjetiga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, daromadlarning prognozga nisbatan oshirib bajarilgan qismining 50 foizi, ekin yerlarini ijaraga berish va bozorlardan tushumlar ham to‘liq tuman byudjetiga beriladi.

Viloyat, tuman hokimlariga samarasiz va bir-birini takrorlaydigan shtat birliklarni qisqartirib, tejalgan mablag‘ni aholi o‘rtaga qo‘ygan masalalarni hal qilish uchun ajratishga ruxsat etiladi. Bu orqali tumanlar byudjetida yiliga 5 trillion so‘mlik qo‘shimcha manba shakllanadi va u mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga sarflanadi.

Kelgusi yilda ilk bor mahalla infratuzilmasini rivojlantirish uchun 20 trillion so‘mni viloyatlarning o‘ziga beryapmiz. Eng muhimi, bu mablag‘larning har bir so‘mi aholimiz uchun qo‘shilgan qiymat yaratishi zarur. Shu bois bu pullar umuman qaysidir tuman uchun emas, balki mahallada ish o‘rinlari yaratadigan, aholini daromadli qiladigan aniq loyihalarga yo‘naltiriladi.

Marhamat, qaysi mahalla raisi, hokim yordamchisi va mahalla bankiri loyiha qilib, uni asoslab bersa, zarur mablag‘ni olsin. Shunda adolatdan bo‘ladi.

Bu – byudjet mablag‘larini samarali ishlatishda loyihaviy yondashuv bo‘ladi.

Urbanizatsiya va shaharlarni barqaror rivojlantirish bo‘yicha yangi islohotlarni boshlaymiz. Jumladan, shaharlar tartibsiz kengayishining oldini olish bo‘yicha aniq mezonlarni belgilaymiz va shu orqali ekin maydonlari asossiz qisqarib ketishiga chek qo‘yiladi.

Masalan, aholisi 250 ming kishidan ziyod shaharlar hozirgidek tartibsiz kengayib ketaversa, 2050-yilga borib 27 ming gektar ekin maydonlari boy beriladi. Albatta, bunga yo‘l qo‘yish mumkin emas.

Shuningdek, respublikamizda ilk bor 45 ta aglomeratsiya hududini belgilaymiz. Kelgusi yilda “Barqaror shahar” platformasini ishga tushirib, “yashash uchun qulaylik indeksi”ni yuritish yo‘lga qo‘yiladi. Bu indeks orqali shaharlardagi har bir mahallaga xos muammolar aniqlanib, ularga mos yechimlar beriladi.

Biz kambag‘allikni qisqartirish masalasini umummilliy harakatga aylantirdik. Takror aytaman, o‘tgan davrda 8,5 milliondan ziyod aholini kambag‘allikdan chiqarishga erishdik.

Asosiy maqsadimiz – odamlarimizni doimiy daromadli qilishdan iborat. Puli bor odam yaxshi kiyinish va ovqatlanishga, sifatli taʼlim va malakali tibbiy xizmatdan foydalanishga, mazmunli dam olishga, bir so‘z bilan aytganda, farovon yashashga intiladi.

Muhimi, bu jarayonda tadbirkorlarimiz hal qiluvchi kuch sifatida eng oldingi safda turib, sanoat va servis obyektlarini tashkil qilib, doimiy ish o‘rni yaratishda, aholimiz, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni kasbga o‘rgatib, mahallalarning o‘zida ishli va daromadli qilishda alohida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Shuning uchun tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha siyosatimizni davom ettirib, 2026-yilda asosiy soliq stavkalarini o‘zgarishsiz qoldiramiz; tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalariga 10 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratiladi; kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so‘m resurs beriladi. Shundan 43 trillion so‘mi xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, 2026-yilda “mahallada sanoat va xizmat” loyihasi orqali 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish uchun 5 trillion so‘m kredit beriladi. Kredit foizining milliy valyutada 10 foizgacha, xorijiy valyutada 4 foizgacha bo‘lgan qismi Tadbirkorlik kompaniyasidan qoplab beriladi. Buning uchun ham byudjetdan 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Natijada mahallalarda 100 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Har bir mahallada 40 tadan mikroloyihani amalga oshirib, 360 ming aholini ishli qilish uchun mahalla bankirlari va hokim yordamchilariga 2026-yilda yana 7,5 trillion so‘m resurs ajratiladi.

Yangi yilda mahallalardagi aholini, xususan, xotin-qizlarni sportga keng jalb etish, buning uchun zarur infratuzilmani yaratish bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilib, bunga 1 trillion so‘m yo‘naltiramiz. Mahalla yoshlarining kitobxonlikka bo‘lgan qiziqishini yana-da oshirish maqsadida maktab kutubxonalarini har yili 10 million dona badiiy adabiyotlar bilan taʼminlab boramiz.

Ana shunday ishlarimiz tufayli 2026-yilda 1 million odamni doimiy ish bilan taʼminlab, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqaramiz, kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5 foizga tushiramiz, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 3,5 mingtaga yetkazamiz.


Qadrli vatandoshlar!

Ikkinchi ustuvor yo‘nalishimiz – iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazishdan iborat.

Jahon miqyosida raqobat tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda faqat yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqaradigan davlatlargina dunyo bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda. Shuning uchun iqtisodiyotning barcha sohalarida yuqori samaradorlikka erishish – kelgusida islohotlarimizning bosh mezoni bo‘lishi shart.

Masalan, sanoatda yuqori texnologik va kam energiya isteʼmol qiladigan tarmoqlarni rivojlantirganimiz hisobiga joriy yilda 1 dollar mahsulot uchun sarflanadigan yoqilg‘i-energiya miqdorini 13 foizga kamaytirishga erishdik. Birgina shuning o‘zi yana 1 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish imkonini berdi.

Bu misol shuni ko‘rsatadiki, qayerda yangi texnologiya va yuqori malakali kasb egalari bo‘lsa, o‘sha tarmoqda o‘sish, rivojlanish bo‘lmoqda.

Shu bois 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollardan oshirish uchun eng to‘g‘ri yo‘l – barcha sohalarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazishdir. Bu – kelgusi yillarda iqtisodiy taraqqiyot strategiyamizning asosiy yo‘nalishi bo‘ladi.

Yurtimizdagi qulay biznes muhiti, demografik o‘sish, inson kapitaliga berilayotgan eʼtibor – O‘zbekistonni investorlar uchun eng jozibador mamlakatlardan biriga aylantirmoqda. Masalan, biz to‘qqiz yilda barcha iqtisodiyot tarmoqlariga 130 milliard dollarlik xorijiy investitsiya olib keldik. Joriy yilning o‘zida chet ellik hamkorlarimiz bilan yana 140 milliard dollarlik yangi investitsiyaviy kelishuvlarga erishdik.

Kelgusi yilda 50 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Bundan buyon har bir dollar investitsiya, eng avvalo, ilg‘or texnologiyalar va ularning transferi; tashqi bozori aniq, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga; energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishda samaradorlikni oshirishga; mahalliy ishchilarni yangi texnologiyalar bilan ishlashga o‘qitish va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerak. Yaʼni, yuqori texnologiya va yangi kompetensiyalar olib kirgan, eksport uchun ishlagan investor eng ishonchli hamkorimiz bo‘ladi.

Bunday strategik investorlarga loyiha uchun yerlar bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi. Yer toifasi o‘zgarganida nobudgarchilik uchun to‘lovni 10 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi. Yerni rasmiylashtirish, toifasini o‘zgartirish, qurilish va infratuzilmaga ulanishga ruxsatnoma olish uchun investorlar idorama-idora yurmaydi. Ularga “yagona darcha” tamoyili asosida kompleks xizmat ko‘rsatadigan “invest.gov.uz” elektron platformasi ishga tushiriladi va barcha vazirliklar bunga ulanadi.

Shu bilan birga, erkin iqtisodiy zonalarga dunyoning mashhur brendlarini jalb qilamiz. Ushbu zonalardagi korxonalar xalqaro texnik reglamentlar, ekologik va mehnat standartlarini qo‘llashi mumkin bo‘ladi. Ular uchun maxsus – imtiyozli investitsiyaviy, soliq, bojxona va huquqiy rejim joriy etiladi va xalqaro huquq doirasida arbitraj nizolarini ko‘rib chiqish imkoniyati yaratiladi.

Bularning barchasi – kelgusi besh yilda 180 milliard dollarlik xorijiy investitsiya hisobidan 1 million yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Yurtimizga investitsiyalar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha ham juda katta rejalarimiz bor. Shuning uchun har bir kelishuvni loyihaga aylantirish, sarmoyalarni qisqa fursatda jalb qilish va ularning samaradorligiga masʼul, faqat va faqat investitsiya bilan ishlaydigan alohida yangi tizim tashkil etiladi.

Bundan tashqari, mahalliy sanoat va kooperatsiyani rivojlantirish bo‘yicha ham xuddi shunday alohida tizimni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqdir.

Umuman, iqtisodiyotni raqobatdosh qilish, investitsiyalar samaradorligini oshirish, sanoat tarmoqlarini texnologik transformatsiya qilish mutlaqo yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Buning uchun Iqtisodiyot va moliya, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklari faoliyati tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.

Yangi texnologik bosqichga o‘tish va qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish bo‘yicha sanoatni rivojlantirish dasturini boshlaymiz. Bunda kelgusi besh yilda sanoatda qo‘shilgan qiymatni hozirgi 36,5 milliard dollardan kamida 60 milliard dollarga yetkazishni (o‘sish 1,6 barobar); yuqori va o‘rtadan yuqori texnologiyali tarmoqlardagi mahsulotlar hajmini 2,5 barobar oshirishni marra sifatida belgilaymiz. Bunga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 2026 yilda 52 milliard dollarlik 782 ta yangi sanoat va infratuzilma loyihasiga start beriladi.

Kelgusi yilning o‘zida 14 milliard dollarlik 228 ta yangi yirik quvvat ishga tushiriladi. Masalan, Navoiydagi oltin konlarida maʼdan qazib olish bo‘yicha 320 million dollarlik loyiha (3-navbati) ishga tushirilib, qo‘shimcha 2 million tonna maʼdan qayta ishlanadi. Shuningdek, “Muruntov” konini o‘zlashtirishning navbatdagi bosqichi hamda kumush konlari bo‘yicha 2 milliard 300 million dollarlik yirik loyihalar amalga oshiriladi. Natijada yiliga 18 million tonna maʼdanni qayta ishlash quvvati barpo etilib, 2030-yilgacha oltin ishlab chiqarish hajmi 175 tonnaga yetkaziladi.

Yana bir yirik loyiha – Olmaliq kombinatida qiymati 2 milliard 700 million dollar, quvvati 300 ming tonna mis katodidan iborat bo‘lgan yangi metallurgiya majmuasini barpo etish boshlanadi.

“Samarqand kimyo” zavodida 381 million dollar investitsiya hisobidan yiliga 370 ming tonna fosforli va 540 ming tonna murakkab o‘g‘itlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Qashqadaryoda 200 million dollarlik yangi kimyo zavodi qurilishi boshlanadi.

Umuman, 2026-yilda kimyo sanoatida – 4,5 milliard dollarlik; tog‘-kon metallurgiya, neft-gaz, avtomobilsozlik, to‘qimachilik va qurilish materiallari tarmoqlarining har birida – 3 milliard dollardan; elektrotexnikada – 2 milliard dollarlik; farmatsevtikada – 800 million dollarlik yangi loyihalar boshlanadi. Shu tariqa 2026 yilda jami eksportimizni 40 milliard dollarga yetkazib, tayyor va yarim tayyor mahsulot ulushini 55 foizdan oshiramiz.

Kelgusi yili iqtisodiyotda 6,6 foiz o‘sishni taʼminlab, yalpi ichki mahsulotni 167 milliard dollarga yetkazish prognoz qilinmoqda. Agar mehnat unumdorligi, energiya samaradorligi va tannarx bo‘yicha qattiq ishlansa, bu ko‘rsatkichni yana-da oshirish uchun barcha imkoniyatlar bor.

Shu bois sanoatda “Unumdorlik va samaradorlikni ikki karra oshirish” dasturini boshlaymiz. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mehnat unumdorligi va energiya samaradorligi bo‘yicha alohida loyiha amalga oshiriladi. Ushbu loyihaga xalqaro moliya institutlaridan 200 million dollar kredit va grant jalb qilinib, sanoat korxonalari uchun xorijdan yuqori malakali texnolog va muhandislar olib kelinadi; biznes jarayonlari raqamlashtiriladi; energiya va boshqa xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha auditlar o‘tkaziladi; ilg‘or texnologiyalar transfer qilinadi.

Bu borada “To‘rtinchi sanoat inqilobi markazi” tashkil etiladi. Markaz negizida robototexnika, internet buyumlari, “aqlli” fabrika kabi “Industriya 4.0” yechimlarini sanoat korxonalarida joriy etish uchun “tartibga solish mexanizmi” yaratiladi. Bunda korxonalar yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilishdan oldin ularni sinovdan o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi.

Akkreditatsiya, metrologiya va standartlashtirish sohalaridagi islohotlarimiz natijasida O‘zbekiston “Global sifat infratuzilmasi” indeksida so‘nggi ikki yilda 15 pog‘ona yuqorilab, 185 ta davlat ichida 52-o‘ringa ko‘tarildi.

Bu albatta yaxshi. Shu bilan birga, mahsulotlarimiz raqobatdoshligini yana-da oshirish uchun texnik tartibga solish sohasini yangi bosqichga olib chiqamiz. Buning uchun “Davlat nazorati” tizimidan xalqaro tajribada yuqori samara bergan “Bozor nazorati” tizimiga o‘tamiz. Shuningdek, innovatsiya asosida yuqori texnologik mahsulot ishlab chiqarayotgan korxonalarni rag‘batlantiramiz. Ular shunday mahsulotni o‘tgan yilga nisbatan oshirsa, ko‘paygan mahsulot hajmi qiymatining 5 foizi miqdorida subsidiya beriladi. Korxona mutaxassislarining ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalaridan olgan daromadi soliqdan ozod qilinadi.

Ana shunday islohotlar orqali kelgusi besh yilda sanoatda mehnat unumdorligi hozirgi 16,5 ming dollardan 30 ming dollarga yetkaziladi; 1 ming dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratishga ketadigan energiya sarfi 1,5 barobar kamaytiriladi.

Bu yil IT, fintex, sunʼiy intellekt kabi yo‘nalishlardagi mahalliy startaplarga xorijdan 270 million dollar investitsiya jalb qildik. Keyingi yildan “Raqamli startaplar” dasturini kengaytirib, startap g‘oyasidan to eksportgacha ko‘maklashadigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bunda xususiy startap markazlarini tashkil etish uchun Yoshlar jamg‘armasidan besh yil muddatga 5 milliard so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Oliygohlarning o‘zida qoladigan mablag‘larning 10 foizi ham inkubatsiya markazlarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, Markaziy bankda Fintex ofisi va Innovatsion xab tashkil etilib, unga Singapurdan mutaxassislar jalb qilinadi. Bu orqali yiliga 20-30 ta fintex startapni tashqi bozorga olib chiqish, ularga jami 1 milliard dollar investitsiya jalb etish imkoniyati yaratiladi.

Umuman, venchur fondlar, startaplar, fintex kabi yangi moliyaviy instrumentlar bozorini rivojlantirish, bu sohadagi barcha ishtirokchilar huquqlarini qonun bilan kafolatlab qo‘yish zarur. Buning uchun parlamentimiz hukumat bilan birgalikda “Muqobil investitsiya jamg‘armalari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini 1-martgacha ishlab chiqsa, ayni muddao bo‘ladi.

Bu yil mamlakatimizda IT xizmatlari eksporti ilk bor 1 milliard dollarni tashkil etdi. Biz 2030-yilga borib, IT xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha katta marra olganmiz. Shu bois jahon bozorida raqobatdoshlikni oshirish uchun Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etdik, IT infratuzilmasiga investitsiya kiritish uchun qator imtiyozlar berdik.

Kelgusi yilda Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida 4 ta “Data markaz”, 2 ta super-kompyuter va 15 ta oliygohda sunʼiy intellekt laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu – tibbiyot, transport, qishloq xo‘jaligi, geologiya, bank-moliya, jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sunʼiy intellekt loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda minglab iqtidorli yoshlarimiz IT va sunʼiy intellekt bo‘yicha izlanish olib bormoqda. Ularning kvant, dron, robototexnika kabi yo‘nalishlardagi konstruktorlik loyihalarini amaliyotga tatbiq qilish uchun Raqamli texnologiyalar markazi tashkil etiladi. Osiyo taraqqiyot banki buni qo‘llab-quvvatlab, 200 million dollar ajratishga tayyorligini bildirdi.

Sunʼiy intellekt bilan yonma-yon yuradigan kosmik sohadagi tadqiqotlarni rivojlantirish, yo‘ldoshli aloqa texnologiyalarini joriy etish borasida ham katta qadamlar tashladik. Bu borada 2028-yilda Samarqandda Xalqaro astronavtika kongressini o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

Bugun sizlarga yana bir muhim yangilikni aytmoqchiman. Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sunʼiy yo‘ldosh va mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan birinchi o‘zbek kosmonavtini fazoga uchirish bo‘yicha ishlarni boshladik. Bu – Yangi O‘zbekistonning ilmiy va texnologik rivojlanishiga, umuman, milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga olib chiqishga katta turtki beradi, deb ishonaman.

 

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Maʼlumki, ishlab chiqarish ham, isteʼmol ham barqaror o‘sishi uchun uzoq muddatli mablag‘ zarur. Shu bois kapital bozorini iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradigan muhim institutsional ustun sifatida belgilab, global depozitariylarni milliy fond bozorimizga olib kirishimiz kerak. Buning uchun xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlab chiqilgan “Kapital bozori to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasini tez fursatda qabul qilish lozim.

Kurs tebranishi bo‘yicha xatarlarni kamaytirish uchun mahalliy kompaniyalarga ichki bozorda ham xorijiy valyutada obligatsiya chiqarishga ruxsat beriladi.

Kelgusi yili korxonalarimiz ilk bor xalqaro bozorlarda ham aksiyalarini joylashtirishi mumkin bo‘ladi.

Umuman, kapital bozorini rivojlantirish orqali tadbirkorlarga qo‘shimcha 1 milliard dollar jalb qilish imkoniyati yaratiladi.

2026 yilda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha ham tub burilishni amalga oshiramiz. Ko‘rgan chora-tadbirlarimiz natijasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 45-50 foizdan 28 foizga pasaytirishga erishdik. Lekin bu hali dastlabki qadamlar, xolos.

Bu boradagi ishlarni kuchaytirish uchun alohida dastur qabul qildik. 2026-yilda barcha davlat xizmatlari va kommunal to‘lovlar, yoqilg‘i, alkogol va tamaki mahsulotlari, avtomobil va ko‘chmas mulk savdolari naqdsiz to‘lov shakliga o‘tkaziladi; soliq, bojxona, sanitariya-epidemiologiya nazorati, standart, karantin, qurilish nazorati inspeksiyasi, yong‘in xavfsizligi kabi 17 turdagi tekshiruvlarda “bodi-kamera”dan foydalanish majburiy bo‘ladi.

“Soya”dagi iqtisodiyotdan ixtiyoriy ravishda shaffoflikka chiqmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar buxgalteriya, statistika, soliq hisobotlarini yuritish bo‘yicha bepul o‘qitiladi.

Umuman, dastur doirasida kelgusi besh yilda yashirin iqtisodiyot ulushi 2 karra qisqartiriladi; savdo va servis sohalarida naqd pulsiz to‘lovlar ulushi 75 foizdan oshiriladi; rasmiy sektorda band bo‘lgan aholi soni hozirgi 8,5 milliondan 14 millionga yetkaziladi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Halol mehnat – xotirjam hayot va farovon jamiyat garovi”, degan shior asosida bu boradagi ishlar umummilliy harakatga aylantiriladi.

Ayrim yurtdoshlarimizda topgan daromadini iqtisodiyotga yo‘naltirish, bank depozitiga joylashtirish, aktivlarini o‘z nomiga rasmiylashtirish bilan bog‘liq xavotirlar bor. Shu bois deputatlarimiz va Markaziy bank xalqaro tashkilotlar bilan maslahatlashgan holda, fuqarolarimiz yurtimizda yoki chet elda shu paytgacha olgan daromad va aktivlaridan emin-erkin foydalanishiga sharoit yaratish bo‘yicha takliflar tayyorlasa, o‘ylaymanki, to‘g‘ri bo‘ladi.

 

Hurmatli parlament aʼzolari!

Endi, ruxsatingiz bilan, uchinchi ustuvor yo‘nalish – ichki bozorda talabni rag‘batlantirish masalasiga to‘xtalmoqchiman.

Bozorlarimizdagi to‘kinlik, narx-navo barqarorligi, aholining isteʼmol talabi ortib borayotgani – turmush sifati yaxshilanayotganini ko‘rsatadigan eng asosiy omil.

Ichki talabni rag‘batlantiradigan muhim faktorlardan biri, bu – inflyatsiya darajasidir.

Biz to‘qqiz yilda qulay biznes muhitini yaratib, tovar va xizmatlar hajmi va turini ko‘paytirganimiz; aholini daromadli qilib, kambag‘allikni keskin qisqartirganimiz; kam daromadli oilalar uchun ham yiliga kamida 1 milliard dollar arzon kredit berayotganimiz; narx-navoni jilovlab, inflyatsiya darajasini “bir xonali” raqamga tushirganimiz natijasida aholining xarid qobiliyati 2 karra o‘sdi.

Birgina misol, besh yil oldin aholimiz yiliga 210 mingta kvartira, 600 mingta avtomobil xarid qilgan bo‘lsa, bu yil 270 mingta uy, 1 millionta mashina sotib oldi. Agar aholining daromadi, xarid qobiliyati oshmaganida, birgina ko‘chmas mulk va avtomobil bozori 20 milliard dollarga yetarmidi?

O‘tkazilgan so‘rovlar ham, xalqaro ekspertlar tahlillari ham 75 foiz aholining moliyaviy holati keskin yaxshilanganini tasdiqlamoqda. Albatta, bu natijalar bilan cheklanib qolmasdan, xalqimizning daromadi va xarid qobiliyatini oshirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiramiz.

Tahlillarga ko‘ra, aholi daromadi 10 foizga ko‘paysa, isteʼmol 8 foizga oshadi. Bu – yangi mahsulot va xizmatlarga talab, degani, bu – qo‘shimcha quvvatlar, qo‘shimcha ish o‘rni, degani.

Aholi ehtiyojidan kelib chiqib, iqtisodiyotda eng katta talab yaratadigan uy-joy ipotekasiga 2026-yilda 23 trillion so‘m resurs ajratamiz. Uy-joy sotib olishda boshlang‘ich to‘lov va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun 2 trillion 700 milliard so‘m subsidiya beriladi. Shuningdek, bitta kvartira uchun ajratiladigan imtiyozli ipoteka krediti miqdori 15 foizga oshiriladi.

Kelgusi yilda 140 mingta kvartirali ko‘pqavatli uy-joy barpo etilishi ro‘zg‘or uchun zarur isteʼmol tovarlariga talabni oshirishi tabiiy, albatta. Bu talabni moliyaviy manbalar bilan taʼminlash maqsadida 2026 yilda joriy yilgi 104 trillion so‘m o‘rniga 125 trillion so‘mlik isteʼmol krediti ajratiladi.

Umuman, 2026-yilda qurilish ishlari hajmini 11 foizga ko‘paytirib, 30 milliard dollarga yetkazishni reja qilyapmiz.

Buning iqtisodiyotga qanday taʼsir ko‘rsatishini hisoblab ko‘raylik. Qurilish materiali, uy-ro‘zg‘or uchun to‘qimachilik mahsulotlari, elektr texnikasi, mebelsozlik kabi tarmoqlar, ushbu obyektlarga xizmat ko‘rsatadigan servis sohalari uchun qo‘shimcha 5 milliard dollarlik bozor bo‘ladi. Bu – 300 mingta qo‘shimcha yangi ish o‘rni degani.

Aholi daromadi ko‘paygani xizmatlarga talabni oshirib, servis sohasi iqtisodiyotning “drayveri”ga aylanishi uchun katta turtki bermoqda. Bu yilning o‘zida xizmatlar hajmi qariyb 15 foiz o‘sib, 82 milliard dollarga yetdi.

Xizmatlarga bo‘lgan talabni rag‘batlantirish uchun 2026-yilda sohaga 85 trillion so‘m kredit, 9 trillion so‘m subsidiya ajratamiz. Xususan, taʼlim xizmatlari uchun byudjetdan 7 trillion so‘m beriladi.

Keyingi besh yilda xorijiy turistlar sonini 2 karra – 11 million nafardan 20 million nafarga oshirish, turizm xizmatlari hajmini esa 20 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha katta marra olyapmiz. Shu maqsadda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Samarqandda Bibixonim, Registon majmualari, Amir Temur maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda va Afrosiyob muzeyini bir-biri bilan bog‘laydigan zamonaviy yo‘lak va ko‘priklar barpo etiladi.

Shahrisabzda “G‘yelon” yirik turistik majmuasining birinchi bosqichi ishga tushiriladi. Pop tumanida “Arashan” tog‘-dam olish turistik zonasi tashkil etiladi. Xivadagi Ichanqalʼani immersiv, yaʼni, “jonli” va “aqlli” muzey-shaharga aylantiramiz. Xorazm va Qoraqalpog‘istondagi arxeologik yodgorliklar bo‘ylab yirik turizm halqasi tashkil etiladi.

Shuningdek, yangi yilda tadbirkorlar tomonidan 4 milliard dollarlik 3,5 mingdan ziyod yangi servis obyektlari ishga tushiriladi. Turizm maskanlarini tashkil qilish uchun kelgusi uch yilda 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi.

Bundan tashqari, 2026-yildan “O‘zbekiston merosi mehmonxonalari” dasturini boshlaymiz. Madaniy meros obyektlarida xususiy sheriklik asosida “butik mehmonxona” tashkil qilish uchun nufuzli mehmonxona tarmoqlari olib kelinadi. Dastur ishtirokchilariga yer, mulk, foyda soliqlari va bojxona to‘lovi bo‘yicha imtiyoz beriladi.

Mana shu ishlar hisobiga 2026-yilda xizmatlar bozorini 100 milliard dollardan oshiramiz.

Turistlar oqimi tobora oshayotgani aviatsiya va temir yo‘lda yo‘lovchi tashish quvvatini 2 barobar ko‘paytirishni taqozo etmoqda. Shu bois 2026-yilda aviaparkdagi havo kemalari sonini 105 tadan 120 taga yetkazamiz. Mahalliy aviaqatnovlar sonini oshirish uchun subsidiyalashning yangi tizimi joriy etiladi.

Endi, narxidan qatʼi nazar, sotilgan har bir chipta uchun aniq miqdorda subsidiya ajratiladi. Bu – chipta narxini pasaytirish va talabni oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, yangi samolyotlarimiz uchun uchuvchilar, ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchilar, aeroportlar uchun servis va boshqaruv sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi.

Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan 6 ta tezyurar poyezd olib kelamiz. Buning birinchi tarkibi yaqin kunlarda keladi.

Umuman, ichki temir yo‘llarni rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dastur qabul qilinadi.

Shaharlarni tezyurar poyezdlar qatnovi bilan bog‘lash uchun 2026-yildan yana 500 kilometr temir yo‘l qurishga kirishamiz. Kelgusi yili 110 kilometr temir yo‘l tarmog‘i qurilib, Bo‘ka, Piskent, Bekobod, Boyovut tumanlari hamda Nurafshon shahri poytaxt bilan bog‘lanadi. Toshkent – Samarqand yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlar uchun yangi temir yo‘l liniyasi qurishni boshlaymiz. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Navoiydagi vokzallar ham xususiy sheriklik uchun beriladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tahliliga ko‘ra, sifatli yo‘llar iqtisodiyotimizning kamida 2 foiz o‘sishiga turtki beradi.

Avtomobil yo‘llarining sifatini yaxshilash, tranzit salohiyatini yana-da oshirish maqsadida besh yillik dastur amalga oshiriladi. Bunda Andijon bilan Qo‘ng‘irotni, Toshkent bilan Termizni, Samarqand bilan Shahrisabzni, Olot bilan Sariosiyoni bog‘laydigan, uzunligi 4 ming kilometr magistral yo‘llarni xalqaro talablarga mos “avtoban”larga aylantiramiz.

2026-yilning o‘zida Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo hududidan o‘tgan umumiy foydalanishdagi 300 kilometr yo‘llarda rekonstruksiya ishlari yakunlanadi.

Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Bo‘stonliq, Pung‘on – Namangan va Qarshi – Shahrisabz yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan 800 kilometr yo‘llar qurilishiga katta tayyorgarlik ko‘rib, hamkorlarni belgilab oldik.

Toshkent – Samarqand yo‘lining qurilishi mart oyidan, qolgan yo‘llar bo‘yicha amaliy ishlar esa 1-iyuldan kechiktirmasdan boshlanadi. Yana 1 ming 200 kilometr yo‘llar 2030-yilgacha xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda qayta quriladi.

Endi yo‘llarni loyihalashtirishda aholining fikri, transport qatnovining atrof-muhitga taʼsirini inobatga olish, piyodalar uchun “to‘siqsiz” muhit yaratish bo‘yicha qatʼiy talablar qonun darajasida mustahkamlanadi.

Yo‘l qurilishiga ilg‘or texnologiya va standartlarni joriy etish ustuvor tamoyil sifatida belgilanadi. Parlamentimiz “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilishda yo‘llarni rejalashtirish tizimini nazarda tutsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Aholining daromadi, xorijiy turistlar oqimi tobora ortib borayotgani kelgusi besh yilda oziq-ovqatga bo‘lgan talabni 1,5 karra oshiradi. Shuning uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini hozirgi 40 milliarddan 60 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha katta marra olamiz.

Ikki hafta oldin agrar soha vakillari bilan uchrashib, qishloq xo‘jaligida hosildorlikni yangi texnologiyalar asosida oshirish bo‘yicha barcha masalalarni yechimi bilan muhokama qilib oldik.

Umuman, yangi yilda qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash uchun 52 trillion so‘m ajratamiz.

Oziq-ovqat mahsulotlarini xalqimizga barqaror narxda yetkazib berish ham to‘liq isloh qilinadi. Bozorlarimizni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan yil – o‘n ikki oy barqaror narxda taʼminlash uchun 2026-yildan doimiy intervensiya tizimiga o‘tamiz. Hududlardagi “Oziq-ovqat jamg‘armalari”ga ajratiladigan resursni 2,5 barobar ko‘paytirib, 500 milliard so‘mga yetkazamiz. Shuningdek, meva-sabzavotga ixtisoslashgan 1 mingta mahallada sig‘imi 100 tonnagacha bo‘lgan kichik sovitkichli omborlar barpo etiladi.

Bu ishlarimiz kelgusi yil inflyatsiya darajasini 6-6,5 foizga tushirishga xizmat qiladi.

 

Muhtaram vatandoshlar!

Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish – kelgusi yil uchun dasturimizning to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishidir.

Hozirgi vaqtda yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt taʼsirida dunyoda ish o‘rinlarining soni, shakli va mazmuni keskin o‘zgarmoqda. Yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi to‘liq avtomatlashtiriladi, 50 foizi bo‘yicha esa yangi malakalar talab qilinadi.

Bu jarayonlar bizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Sanoatda – avtomatlashgan liniyalar, agrar sohada – aqlli texnologiyalar, transportda – intellektual boshqaruv kundalik hodisaga aylanib bormoqda.

Endi mamlakatimizning mehnat bozori mutlaqo yangi arxitektura asosida – kasb, malaka, texnologiya va taʼlimni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi zarur.

Mutaxassislarning fikricha, bolada biror-bir kasbga qiziqish 7-sinfdan boshlanib, qaysi kasbni tanlashi 9-sinfda to‘liq maʼlum bo‘ladi. Shu bois 9-sinf bitiruvchilarini fanlarni o‘zlashtirishi va kasbiy qiziqishiga qarab saralab olish tizimini joriy qilamiz. Bunda oliygohlarga kirish istagida bo‘lmagan yoshlar texnikumlarga yuboriladi.

Yaqinda texnikumlarga zamonaviy qiyofa va yangicha muhit olib kirish bo‘yicha besh yillik dasturni tasdiqladik.

Mening niyatim – yoshlarimiz talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha dunyoda raqobatdosh bo‘lsin, kerak bo‘lsa, boshqalardan bir pog‘ona ustun tursin. Ushbu maqsadga erishish yo‘lida kasbiy taʼlimning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan texnikumlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Buning uchun, 2026-yildan boshlab, har yili kamida 100 tadan texnikumni to‘liq taʼmirlab, texnologik va talab yuqori bo‘lgan kasblarga mos holda jihozlab boramiz. Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya kabi davlatlarning ilg‘or taʼlim dasturlari joriy qilingan texnikumlar sonini 100 taga yetkazamiz.

Bugun sizlarga yana bir yangilikni yetkazmoqchiman: 2026-yilda 7 ta viloyatda, 2027-yilda esa qolgan hududlarda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bunda Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari hududdagi boshqa texnikumlar uchun metodik va amaliyot bazasi sifatida faoliyat yuritsa, “Kasblar shaharchasi” – maktab o‘quvchilarini qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport, “yashil” energetika kabi sohalardagi zamonaviy kasblarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.

Bu tizimni mamlakatimizda uch yil oldin yo‘lga qo‘yib, o‘quvchilar qamrovini 15 foizga yetkazdik.

Bugun avtomobilsozlik, “yashil” energetika, qurilish, transport, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, turizm, servis, IT kabi yo‘nalishlarda 70 mingga yaqin o‘quvchi “dual taʼlim” asosida o‘qib, oyiga 10 million so‘mgacha maosh olmoqda.

Endi texnikum va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqamiz. Xususan, “dual taʼlim” asosida o‘qitishni samarali tashkil qilgan korxonalarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi; tadbirkorlik reytingida qo‘shimcha 5 ball beriladi; korxonalar ishga olgan texnikum o‘quvchisi uchun 1 foizli ijtimoiy soliq imtiyozi yana uch yilga uzaytiriladi.

Shuningdek, 2026-yildan boshlab texnikumlarda taʼlim olayotgan 100 ming o‘quvchiga ilk bor stipendiya to‘lanadi; “aʼlo” baholarga o‘qiyotgan, tanlagan kasbini puxta egallayotgan farzandlarimizga esa oshirilgan miqdordagi stipendiyalar beriladi.

Iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlari uchun yuqori intellektual salohiyatga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlashga eʼtiborni kuchaytirishimiz zarur.

Jizzax politexnika institutini Vengriyaning nufuzli “Obuda” universiteti boshqaruviga berish bo‘yicha qaror qabul qildik.

Yaqinda Yaponiyaga tashrifimiz davomida O‘zbekistonda “Sukuba” milliy universiteti bilan hamkorlikda aniq fanlar bo‘yicha yangi oliygoh tashkil qilish haqida kelishib oldik.

Biz bu tajribani davom ettirib, aniq fanlar va texnika yo‘nalishidagi oliygohlarimizga dunyoning eng nufuzli universitetlarini jalb qilamiz.

Yana bir masala – mehnat bozoriga yiliga 300 ming oliy maʼlumotli kadrlar kirib kelmoqda. Endi oliygoh bitiruvchilari va ish beruvchilar o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qiladigan raqamli ekotizim yaratamiz. Unda talabalarning akademik ko‘rsatkichlari va korxonalardagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar onlayn tarzda ko‘rinib turadi. Ushbu ekotizim bitiruvchi kurs talabalari uchun o‘ziga mos ish topish, korxonalarga esa malakali kadrlarni jalb qilish imkonini beradi.

Bu yil sog‘liqni saqlash xodimlari bilan ikki marta uchrashib, ko‘rib chiqilgan barcha masalalar bo‘yicha alohida farmon va qarorlar qabul qildik.

Tibbiyot tizimida ham kasbiy taʼlimni rivojlantirish uchun Angliyaning “Pearson” kompaniyasi bilan har bir hududdagi bittadan texnikumda xalqaro standart asosida hamshiralar tayyorlash boshlandi. Endi ana shu texnikumlarga Germaniya, Shveysariya, AQSH, Yaponiya kabi davlatlarning taʼlim dasturlari ham joriy etiladi. Shu asosda xalqaro talablarga javob beradigan, xorijiy tillarni biladigan hamshiralar tarkibini shakllantiramiz.

Keng ko‘lamli islohotlarimizni sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha ham jadal davom ettiramiz. Tibbiyot muassasalarini yagona yondashuv asosida tashkil etish uchun “master reja” ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, infarkt, insult, onkologik, nefrologik kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni davolash hamda transplantatsiya, vaksinatsiya, ona-bola salomatligini muhofaza qilish yo‘nalishlariga o‘tgan yillardan 1,5 barobar ko‘p – 3,5 trillion so‘m ajratamiz.

 

Qadrli do‘stlar!

Ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish beshinchi ustuvor yo‘nalishimizdir.

Yirik korxonalarga filtr, tozalash inshooti va havoga chiqariladigan zararli moddalarni monitoring qilish stansiyasi o‘rnatish uchun birinchi bosqichda 100 million dollarlik kredit liniyasi ochiladi.

Kelgusi yili Samarqandda Global ekologik jamg‘armaning navbatdagi assambleyasi va Markaziy Osiyo xalqaro ekoko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar tarmoqlar, hududlar va biznes uchun hamkorlar topish, yangi ekoloyihalarni birgalikda boshlashga katta imkoniyat yaratadi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 2 mingga yaqin ko‘mir va gazda isitiladigan issiqxona bor. Ulardan havoga yiliga 137 ming tonna zararli modda chiqadi. Endi ko‘mirda filtrsiz ishlaydigan qozonxonalardan voz kechamiz. Ularni poytaxt atrofidan ko‘chirib, hamma joyda markazlashgan qozonxonalar orqali isitishni yo‘lga qo‘yamiz. Shu maqsadda 200 gektardan kam bo‘lmagan agroklasterlar tashkil etiladi, ularning tarkibiga o‘tadigan issiqxonalarga alohida subsidiya beriladi.

Shaharlarimizdagi tirbandliklar nafaqat odamlar hayotini qiyinlashtirmoqda, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazmoqda. Shu bois dunyo tajribasidan kelib chiqib, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab, ekologik stikerlar tizimi joriy etiladi. Katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi. Bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.

Buning uchun alohida Jamg‘arma tashkil qilinadi. Eski mashinasini almashtiraman deganlarga avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi. Filtr o‘rnatib, zararni kamaytirishga tayyor bo‘lgan haydovchilar uchun xarajatlarining bir qismi bo‘yicha subsidiya ajratiladi.

Azim poytaxtimiz va yirik shaharlarda jamoat transportini rivojlantirish ustuvor vazifamiz bo‘ladi. Shahar ko‘chalarida avtobus va taksilar uchun maxsus yo‘laklar ko‘paytiriladi. Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida transport harakatini intellektual svetoforlar orqali boshqarish tizimi joriy etiladi.

Ekologik avtomobillarni ko‘paytirish bo‘yicha besh yillik dasturni amalga oshiramiz. Bunda mahalliy elektromobillarga 12 foizli, xorijiy elektromobillarga esa 16 foizli avtokreditlar ajratiladi.

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10 foizli imtiyozli kreditlar beriladi; yerlarni auksiondan 2 karra arzon narxda sotib olish imkoniyati yaratiladi.

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida avtomobillarni zaryadlashda 1 kilovatt-soat elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi davlat byudjetidan qoplab beriladi.

Elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatadigan fuqarolarga ham bir qator imtiyozlar beriladi.

Eng asosiysi, bu ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak, poytaxtimiz, viloyat markazlari va yirik shaharlar faqat ekotransportlar harakatlanadigan hududga aylanadi.

Chang-to‘zonlarning oldini olish uchun Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon” va Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etiladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiyda jami 250 ming gektar, jumladan, Orolning qurigan tubida 115 ming gektar yerda daraxt va butalar ekiladi.

Har bir hududda botanika va dendrologiya bog‘lari hamda 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari barpo qilinadi.

Korxonalarda ekostandartlarni joriy qilish uchun kelgusi besh yilda kamida 30 ming nafar ekologiya menejeriga talab paydo bo‘ladi. Shuning uchun 2026-yilda har bir hududda “yashil” texnikumlar tashkil etilib, dual taʼlim asosida yiliga 10 ming mutaxassis tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Yangi yilda Markaziy Osiyo Yashil universiteti faoliyatini kengaytiramiz.

Havo, suv va tuproq sifatini aniqlash imkonini beradigan kompleks laboratoriyalar tashkil etiladi. Shaharlarda tabiiy ventilyatsiyani kuchaytirishga qaratilgan tadqiqotlar o‘tkaziladi.

Umuman, ekologiya sohasiga 2026-yilda 1 trillion 900 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

So‘nggi besh yilda 6 ming megavattli quyosh, shamol va gidro elektr stansiyalari ishga tushirildi, umumiy generatsiyada “yashil” energiyaning ulushi 30 foizga yetdi.

Yaqinda hamkorlarimiz bilan jami 3,5 ming megavattli 4 milliard 200 million dollarlik yangi “yashil” quvvatlar qurilishiga start berdik. Bu ishlarimiz orqali 2026-yilning o‘zida 7 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi va havoga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.

 

Muhtaram vatandoshlar!

Dunyoda suv tanqisligi muammosi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Shu bois islohotlarimizning ilk kunlaridanoq suvdan oqilona foydalanishni davlat siyosati darajasiga olib chiqdik.

Yaqinda suvni tejaydigan texnologiyalarni keng qo‘llash, suv inshootlarini modernizatsiya qilish, sug‘orish tadbirlari bo‘yicha kelgusi uch yil uchun qiymati 5,5 milliard dollarlik katta dastur qabul qildik.

Dastur doirasida suvni tejaydigan texnologiyalar qamrovi 61 foizga yoki 2,6 million gektarga yetkaziladi. Natijada yiliga 2,5 milliard kub metr suv tejaladi, 200 ming tonna bug‘ gazi kamaytiriladi.

Umuman, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish tadbirlariga 2026-yilda jami 3 trillion 300 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Shuningdek, 1 ming 300 kilometr yirik magistral kanallar beton bilan qoplanadi. Buning uchun byudjetdan 3 trillion so‘m sarflanadi. Bu qo‘shimcha ravishda yiliga 500 million kub metr suvni iqtisod qilish imkonini beradi.

Bundan tashqari, joylardagi ochiq drenaj va kollektorlarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha alohida dastur qabul qilamiz. Ushbu maqsadlarga dastlabki bosqichda 2026-yil uchun 100 million dollar ajratamiz.

Kanallarni yopiq tizimga o‘tkazish bo‘yicha ham katta loyihalarni boshlaymiz. Qashqadaryodagi “Paxtaobod” kanalini bosimli quvurga o‘tkazish bo‘yicha 134 million dollarlik loyiha bu boradagi birinchi qadam bo‘ladi.

Bular orqali qo‘shimcha ravishda 20 ming gektar ekin yeri ochiladi, yana 25 ming gektar maydon kafolatli suv bilan taʼminlanadi.

Ayni vaqtda poytaxtimiz, viloyat markazlari va shaharlarda “yashil” hududlarni ko‘paytirish uchun sug‘orish, drenaj tizimlarini qayta tiklash zarur. Bir so‘z bilan aytganda, shaharlarning barcha ko‘chalaridagi ariqlarda suv aylanishi kerak. Buning uchun 160 million dollarlik katta dastur doirasida Toshkent shahrida 150 kilometr yopiq drenaj tizimi barpo etiladi, 197 kilometr kanal va kollektorlar taʼmirlanadi; 63 kilometr yangi kanallar barpo qilinib, shaharda salqin mikroiqlim yaratiladi.

Boshqa hududlar rahbarlari ham chetdan kamida 20-25 million dollar mablag‘ olib kelib, kelgusi yildan viloyat markazlari va yirik shaharlarda bunday loyihalarni boshlaydi.

 

Hurmatli deputat va senatorlar!

Oltinchi ustuvor yo‘nalishimiz bo‘lgan zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarimizni davom ettiramiz.

Avvalo, 2026-yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanadi. Endi barcha davlat idoralarining 1 mingdan ziyod davlat xizmatlari; 5 mingdan ortiq funksiya va vazifalari; 200 ta maʼlumot bazasi va axborot tizimi; 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinadi.

Platformaga kelib tushgan murojaatlar, ularni ijrochilarga taqsimlash va ko‘rib chiqish muddatini nazorat qilish sunʼiy intellekt orqali amalga oshiriladi.

Sodda qilib aytganda, mahalladan tortib respublika darajasida hal bo‘ladigan har bir masalaning ijrochisi, muddati, resursi bir joyda ko‘rinib turadi.

Eng muhimi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inson omilisiz, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli ekotizim yaratamiz. Davlat xizmatlarini proaktiv va jamlanma shaklda ko‘rsatish tizimini rivojlantiramiz.

Oddiy so‘zlar bilan tushuntirsam, yangi uy qurgan fuqaro kadastr hujjatini olish uchun murojaat qilsa, yangi platforma suv, elektr va gazga ulanish masalasini ham shu zahoti hal qilib beradi. Bunday xizmatlar 2026-yilda 100 taga yetkaziladi.

Sh.Shermatov, A.Toshqulov, U.Husainov kelgusi yilda Namangan, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahri, shuningdek, ulardagi tuman va mahallalarda qurilish, adliya, oliy taʼlim, soliq idoralari va ularning viloyat, tuman bo‘limlarida ushbu platformani to‘liq sinovdan o‘tkazishi shart.

Har bir vazir, tarmoq rahbari va hokimlar ham yangi yilda xuddi shunday ishlarni o‘z tumanidagi tizimda yo‘lga qo‘yishni boshlashi, davlat xizmatlarini aholiga yana-da yaqinlashtirish bo‘yicha qattiq ishlashi zarur.

 

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!

Bugungi kunda Oliy Majlisimiz eng kuchli parlamentlarga xos bo‘lgan barcha nazorat vakolatlariga ega. Xususan, 2023-yildan buyon tashqi qarz miqdorini parlamentimiz belgilab kelmoqda.

Endi davlat kafolati ostida tashqi qarz olish masalasini maʼqullashni ham parlament vakolatiga o‘tkazsak, nima deysizlar?

Ko‘plab ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar fikrini o‘rganib, 2026-yil 1 yanvardan davlat xaridlarida ochiq, shaffof va adolatli tizim yaratayapmiz. Bu – tadbirkorlarimizga 300 trillion so‘mlik kafolatli bozorda o‘zlarining tovar va xizmatlari bilan faol ishtirok etishlari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Bundan buyon davlat xaridlarida tovar, ish va xizmatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish mumkin bo‘lgan holatlar faqat qonun bilan belgilanadi.

Xabaringiz bor, konstitutsiyaviy islohotlarimiz doirasida viloyat hokimlari va mahalliy kengashlar raislari lavozimlarini bir-biridan ajratgan edik. Endi bu tizim 2026-yil 1 yanvardan 208 ta tuman va shaharda ham yo‘lga qo‘yiladi. Ayni paytda ushbu jiddiy siyosiy islohot – hokimlar va ijro idoralaridan Kengashlarga munosabatni mutlaqo o‘zgartirishni talab qiladi.

Bundan buyon deputat so‘rovlari ijrosi har chorakda tahlil qilinib, sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan holatlar bo‘yicha prokuraturaga taqdimnoma kiritiladi.

Islohotlar samaradorligini taʼminlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli muhim.

Shu bois ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha siyosat kelgusida ham izchil davom ettiriladi. Xususan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya ishlab chiqiladi. Ushbu institutlarga ijtimoiy buyurtma berish tizimi raqamlashtirilib, moliyalashtirish hajmi 2 karra oshiriladi.

Bundan tashqari, xayriya tashkilotlarini tuzish tartibi soddalashtiriladi, hisobdorlik va shaffoflik mexanizmlari takomillashtiriladi.

Takror aytaman, yurtimizdagi keng ko‘lamli yangilanishlar davrida ochiqlik siyosatidan hech qachon ortga qaytmaymiz. So‘z va matbuot erkinligini taʼminlash ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.


Muhtaram deputat va senatorlar!

Sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan ishlarimizni izchil davom ettiramiz.

Biz odil sudlov jarayonini “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tashkil etishni boshladik. Endi tergovni ham raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasini kuchaytiramiz. Bunda jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarga sunʼiy intellekt texnologiyalari joriy etiladi va inson omili qisqartiriladi.

Yurtimizda tergov sudyalari ish boshlagani – xalqaro tan olingan “Xabeas korpus” institutini qo‘llashning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi. 2026-yildan tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlarini ham beramiz. Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va rolini oshirib boramiz.

Endi jinoyat protsessiga ingliz huquqidagi davlatlarda ijobiy natija bergan “xalq vakillari hayʼati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda o‘ta og‘ir va jamiyatda shov-shuvga sabab bo‘layotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi sud hukmining yana-da adolatli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Sud qarorlari ijrosini so‘zsiz taʼminlamay turib, fuqaro va tadbirkorlar huquqining ishonchli tiklanishiga erishib bo‘lmaydi. Shu bois majburiy ijro jarayoniga samarali muqobil mexanizmlarni ham kiritamiz. Natijada sohaga sunʼiy intellekt joriy etilib, kelgusi ikki yilda ijro harakatlarining 30 foizi inson omilisiz amalga oshiriladi.

Ko‘rayapsizlar, shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda giyohvandlik xavfi aholi genofondi uchun eng katta tahdidga aylanib bormoqda. Afsuski, bugungi globallashuv davrida bunday xavf-xatar O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmayapti.

Bu yil 14 mingdan ziyod giyohvandlik jinoyati qayd qilingan. Ularning 3 mingga yaqinini yoshlar sodir etgani barchamizni jiddiy o‘ylantirishi kerak.

Narkotik savdolari transchegaraviy va virtual xarakterga ega bo‘lib bormoqda. Bu esa jinoyatlarni aniqlashda yangi usullarni qo‘llashni, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashni talab qilmoqda.

Yaqinda ushbu masala bo‘yicha Milliy dastur qabul qildik. Endi narkojinoyatlarga qarshi kurashishni umummilliy harakatga aylantirib, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaratamiz.

Kim bu vazifa faqat huquq-tartibot idoralarining ishi, deb o‘ylasa, xato qiladi.

Yurtimizdagi har bir bola, har bir yosh – bizning farzandimiz, ularni giyohvandlik changaliga tashlab qo‘yishga aslo yo‘l qo‘ymaymiz.

Giyohvandlikni tag-tomiri bilan butkul yo‘qotish, yoshlarimizda kuchli maʼnaviy-ruhiy immunitetni shakllantirish bo‘yicha barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilamiz.

Narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha respublika ishchi guruhi (S.Gordeyev, B.Toshmatov, B.Qurbonov) davlat idoralarining bor kuch va imkoniyatlarini ishga solib, kelgusi yilda narkotiklarni ishlab chiqarish va tarqatish kanallariga chek qo‘yish bo‘yicha yangi tizim yaratsin.

Bu – Prezidentning topshirig‘i, bu – ota-onalarning xohish-istagi, bu – jamiyatning talabi!

Tinchlik hukm surgan, qonun ustuvor bo‘lgan, fuqarolarning xavfsizligi taʼminlangan joyga investitsiya ham keladi, bu yerda turizm ham rivojlanadi. Lekin so‘nggi paytlarda o‘zini qonundan ustun qo‘ygan, tadbirkorlarga bosim qilib, ularning biznesini egallab olishga harakat qilayotgan, iqtisodiyotimizga jiddiy putur yetkazadigan murakkab moliyaviy jinoyatlarni sodir etayotgan, o‘zini “qozi” deb hisoblab, odamlar o‘rtasidagi oldi-berdi masalalarini hal qilib yurgan ayrim jinoiy to‘dalar ham kuzatilmoqda.

Eng achinarlisi, “oson pul topaman”, degan ilinjda bilagida kuchi bor ayrim sportchilar ham bunday jinoiy to‘dalarga qo‘shilib qolmoqda.

Yana bir yomon jihati – O‘zbekiston fuqarolaridan iborat jinoiy guruhlar ayrim chet davlatlarda ham mavjudligi yurtimizning xalqaro obro‘siga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Hamma eshitib olsin: bunday jinoiy to‘dalar faoliyatiga chek qo‘yishga kuch-qudratimiz yetadi va buni albatta qilamiz!

O‘zbekistonda – fuqarolarimiz, tadbirkorlarimiz va investorlarni har qanday vaziyatda ham ishonchli himoya qiladigan davlat bor, Konstitutsiya bor, qonunlar bor!

Xotin-qizlarning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish, farzandlarimizni himoya qilish – qadim-qadimdan erkaklar uchun shaʼn va g‘urur masalasi bo‘lib kelgan. Lekin jamiyatimizda ayollar va bolalarning turli zo‘ravonliklarga uchrayotgani buyuk tarix, yuksak maʼnaviyat va maʼrifatga ega bo‘lgan, oilani muqaddas deb biladigan xalqimizga aslo yarashmaydi.

So‘nggi ikki yilda ayollar va bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 2 mingdan ziyod jinoyat aniqlangan.

Hech qachon unutmaylik, oilaviy zo‘ravonlik – bu faqat oilaning ichki ishi emas, bu – butun jamiyatga tegishli masala. Ayolni o‘z muammosi bilan yolg‘iz tashlab qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘q!

Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi (Nodira Hakimova, Aziz Azimov, Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Aziz Toshpo‘latov) barcha davlat idoralari va keng jamoatchilikni safarbar qilgan holda, bunday salbiy holatlarga barham berish bo‘yicha samarali ishlaydigan tizim yaratsin.

Parlamentimiz, fuqarolik jamiyati institutlari ham bu jarayonlarda faol ishtirok etsa, albatta natija bo‘ladi.

Takror va takror aytaman. Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid.

Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish esa – islohotlarimizga xiyonatdir. Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026-yilda “favqulodda holat” eʼlon qilamiz.

Barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga masʼul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi. Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu rahbarlar tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash, shuningdek, byudjet mablag‘i talon-toroj bo‘lishi va mansabni suiisteʼmol qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha taʼsirchan nazorat o‘rnatadi va Prezident oldida hisobot beradi.

Davlatning har bir so‘m mablag‘i, resursi bo‘yicha shaxsiy javobgarlik kuchaytiriladi.

“Lavozimim, unvonim bor, menga hech kim tegmaydi”, deganlar adashadi. Qonun oldida hamma teng!

Ichki ishlar, prokuratura, soliq, bojxona, moliya, bank, yirik davlat kompaniyalari, vazirlik va hokimliklar, bir so‘z bilan aytganda, birorta idora va tashkilot nazoratdan chetda qolmaydi.

Komplayens xizmatining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar – korrupsiyaga sherik, deb baholanadi va javobgarlik shunga mos holda bo‘ladi.

Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati bu tizimni 1 yanvardan boshlab barcha davlat idoralari va tashkilotlarida ishga tushirib, jilovni mahkam qo‘lga olsin.

Mansabidan qatʼi nazar, poraxo‘rlik va suiisteʼmolchilik bo‘yicha har bir holat yuzasidan Prezident Administratsiyasi Komplayens xizmati shaxsan menga axborot kiritib boradi.

 

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Jahonda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar tobora avj olib bormoqda. Bunday murakkab vaziyatda barcha davlatlar bilan teng huquqli va konstruktiv munosabatlarni yana-da mustahkamlash, vazmin va oqilona ochiq tashqi siyosat olib borishga qaratilgan faoliyatimizni davom ettiramiz.

Yaqin qo‘shnilarimiz bilan ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yana-da rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Bunda mintaqamiz davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, transport-logistika, energetika, suv, ekologiya, xavfsizlik, madaniyat va taʼlim sohalarida hamkorlikni yana-da chuqurlashtiramiz.

Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, uni mintaqadagi iqtisodiy jarayonlarga keng jalb qilish asosiy maqsadlarimizdan biri bo‘lib qoladi.

Asosiy xorijiy sheriklarimiz hisoblangan Rossiya, Xitoy, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Iordaniya, Kuvayt, O‘mon, Hindiston, Pokiston va boshqa davlatlar bilan ko‘pqirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni yana-da kengaytirish bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida bo‘ladi.

Shuningdek, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika, Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan yangi va istiqbolli yo‘nalishlarda manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, Janubiy Kavkaz va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarni kengaytirish strategik yo‘nalishlarimizdan biri bo‘ladi.

Fursatdan foydalanib, bugungi anjumanimizda qatnashayotgan xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga qarata aytmoqchiman: biz bilan aloqalarni kengaytirib, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mamlakatlaringiz hukumatlariga alohida tashakkur bildiraman.

Nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, iqtisodiy institutlar bilan yaqin hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqamiz.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va boshqa yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlikda iqtisodiyotimizni texnologik modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish, barqaror energetika va transport loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlarni davom ettiramiz.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti doirasida anʼanaviy, keng qamrovli sheriklik aloqalarini yana-da kengaytiramiz.

Bunday ulug‘vor vazifalar bizdan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlar va dinlararo do‘stlik va ahillikni yana-da mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini oshirishni talab etadi. Buning uchun biz barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.

 

Aziz vatandoshlarim!

Bugun sizlar bilan 2026-yil va kelgusi besh yil uchun katta marralarni belgilab oldik.

Erishilgan ulkan natijalar, yangi ustuvor vazifalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda. Yurtimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor bo‘lgan ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, aholimizning fikr-mulohazalari asosida takomillashtiriladi. Parlament vakillarini ham bu jarayonda o‘z takliflari bilan faol ishtirok etishga chaqiraman.

Kelgusi yilda maʼnaviyat sohasini yana-da rivojlantirib, ijtimoiy-madaniy hayotimizdagi muhim sanalarni keng nishonlaymiz. Jumladan, barcha yutuq va g‘alabalarimizning poydevori bo‘lgan Vatanimiz mustaqilligining shonli 35 yilligini katta bayram sifatida o‘tkazamiz.

Shuningdek, Sohibqiron Amir Temur, Mir Alisher Navoiy bobolarimizning qutlug‘ tavallud ayyomlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlashimiz kerak. Bunday ulug‘ sanalarni yuksak darajada, har tomonlama munosib o‘tkazish uchun albatta tegishli qarorlarni qabul qilamiz. Ularni amalga oshirishda mahallalar, taʼlim-tarbiya maskanlari, mehnat jamoalari, ziyolilarimiz, xorijdagi elchixonalarimiz, umuman, butun xalqimiz faol ishtirok etadi, deb ishonaman.

 

Qadrli va muhtaram yurtdoshlar!

Bugun sizlarga, sizlar orqali butun el-yurtimizga murojaat qilib aytmoqchiman: bugun tarixning o‘zi, hayotning o‘zi zimmamizga buyuk bir masʼuliyatni yuklamoqda.

Jonajon Vatanimiz bugun yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, maʼnaviy munosabatlar asosida yashab, mehnat qilayotgan, mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar diyoriga aylanmoqda.

Hammamizga ayonki, Mirzo Ulug‘bek bobomiz bundan olti asr muqaddam insoniyat uchun yulduzlar xaritasini yaratgan edi. Bugun esa biz hozirgi va kelajak avlodlarimiz uchun baxtli hayotga olib boradigan yo‘l xaritasini yaratishimiz lozim.

Mana shu haqiqatni chuqur his etib, barchamiz birlashib harakat qilsak, har qanday yuksak marrani zabt etishga qodirmiz, biron-bir kuch bizni o‘z yo‘limizdan qaytara olmaydi.

Bir bo‘lsak, yagona xalq, yagona millat bo‘lib olg‘a intilsak, ko‘zlagan ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz!

Men bu yo‘lda mard va olijanob xalqimizga ishonaman!

O‘zbekistonning beqiyos kuchi va imkoniyatlariga, aziz yoshlarimizning azmu shijoatiga ishonaman!

Fursatdan foydalanib, el-yurt manfaati, Vatan taqdirini o‘ylab, muqaddas zaminimizning asl farzandlari, fidoyi posbonlari bo‘lib, o‘zini ayamasdan, sidqidildan mehnat qilayotgan siz, azizlarga, bunyodkor xalqimizga chin dildan minnatdorlik bildiraman.

Barchangizga mustahkam salomatlik, oilaviy baxt-saodat, yangi yilda ulkan yutuq va omadlar tilayman.

 

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish