Ozarbayjondan munosabat: O‘zbekiston va Gruziya transport hamkorligining yangi arxitekturasini shakllantirmoqda
Iyul 03, 2026. 08:10 • 3 daq
• 80
BOKU, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. “Janubiy Kavkaz” siyosatshunoslar klubi rahbari, siyosatshunos va tahlilchi Ilgar Velizade “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2-iyul kuni Gruziyaga qilgan davlat tashrifi yuzasidan fikr bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidentining Gruziyaga amalga oshirayotgan davlat tashrifi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga o‘ttiz yildan ortiq vaqt o‘tgach ro‘y berayotgan ilk safar bo‘lib, bu ikki tomonlama munosabatlar tarixida muhim voqea sifatida baholanmoqda.
Ushbu tashrif ko‘lami ikki tomonlama kun tartibidan ancha kengdir. Mohiyatan, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida transport, savdo va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikning yagona makonini shakllantirishning yangi bosqichi boshlanayotgani haqida so‘z bormoqda.
Tashrif O‘rta yo‘lak mintaqaviy infratuzilma loyihasidan Yevroosiyo logistikasining qayta shakllanayotgan arxitekturasining asosiy unsurlaridan biriga uzil-kesil aylangan bir paytda bo‘lib o‘tmoqda.
Ukrainadagi harbiy harakatlar, Yaqin Sharqda saqlanib qolayotgan beqarorlik, anʼanaviy dengiz yo‘llari uchun xavflar va jahon savdosining majburiy diversifikatsiyasi yirik tashqi ishtirokchilarni Yevropa va Osiyo o‘rtasida yuklarni yetkazib berishning muqobil yo‘llarini izlashga undamoqda.
Aynan shuning uchun ham so‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Turkiya, Markaziy Osiyo davlatlari va xalqaro moliya institutlari Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagiga katta qiziqish bildirmoqda.
Dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun Janubiy Kavkaz orqali o‘tadigan yo‘nalishlarni rivojlantirish strategik ahamiyat kasb etadi. Rasmiy Toshkent eksport va import logistika zanjirlarini diversifikatsiya qilish, ayrim tranzit yo‘nalishlariga qaramlikni kamaytirish hamda yangi Yevroosiyo transport aloqalarining asosiy ishtirokchilaridan biri sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlashga intilmoqda.
Bu borada Ozarbayjon, uning ortidan esa Gruziya O‘zbekiston yuklarining Qora dengiz portlariga va undan keyin Yevropa bozorlariga chiqishini taʼminlovchi eng muhim bo‘g‘in sifatida ko‘rilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga tashrifi va uning yakunlari bo‘yicha erishilishi kutilayotgan kelishuvlarni yangi mintaqaviy sheriklik tizimining muhim bosqichi sifatida ko‘rib chiqish lozim.
Amalda Qora dengizdan Farg‘ona vodiysigacha bo‘lgan hududda iqtisodiy hamkorlik, transport aloqalari va logistika tamoyillarini belgilaydigan munosabatlar modelini bosqichma-bosqich barpo etish uchun sharoit yaratilmoqda.
Rasmiy Toshkent o‘ziga xos tashabbuskor diplomatiya uslubida hamkorlik kun tartibini taklif etuvchi mamlakat sifatida maydonga chiqmoqda. O‘zbekiston barcha qo‘shnilar va hamkorlar manfaatlarini inobatga olgan holda mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik, savdo va transport integratsiyasi bo‘yicha o‘z qarashlarini ilgari surib, yangi yo‘nalishlarni shakllantirishda ishtirok etishga intilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi