O‘zbekiston elchisi Dehli gubernatori bilan uchrashdi
Iyul 03, 2026. 09:00 • 2 daq
• 5
DEHLI, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Dehli shahri gubernatori Taranjit Singh Sandhu bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Hindiston xalqlarining uzoq asrlarga borib taqaladigan do‘stlik aloqalari so‘nggi yillarda mazmunan boyib, izchil rivoj topayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Davlatlar o‘rtasidagi serqirra munosabatlarda mintaqalararo aloqalarning salmog‘i oshib bormoqda. Shundan kelib chiqib, ikki mamlakat poytaxtlarining ishbilarmon, ilmiy-akademik va boshqa doiralari vakillari hamkorligini yana-da faollashtirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mintaqalararo hamkorlik yunalishida tomonlar ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida «Qardosh shahar» munosabatlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Shahar xo‘jaligini yuritish, obodonlashtirish va ko‘kalamlashtirish, aholi uchun qulay va zamonaviy infratuzilma yaratish va boshqa dolzarb masalalarda tajriba almashish ikki tomon uchun ham qiziqarli va manfaatli bo‘lishi taʼkidlandi.
Taranjit Singh Sandhu Elchixona tomonidan ilgari surilgan Dehli shahrida “O‘zbekiston” bog‘ini yaratish, o‘zbek xalqining buyuk mutafakkirlaridan biri Alisher Navoiy haykalini o‘rnatish kabi takliflarni qo‘llab-quvvatladi hamda ushbu loyihalarni hayotga tadbiq etish bo‘yicha birgalikda ishlashga tayyorligini bildirdi.
Toshkent hokimligi va Dehli gubernatori maʼmuriyati o‘rtasida delegatsiyalar almashish, joylarda birgalikda amalga oshiriladigan loyihalarni o‘rganish, ilm-fan, madaniyat, turizm, sport va boshqa yo‘nalishlarda turli qo‘shma tadbirlar tashkil etish va boshqa o‘zaro manfaatli masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi