Elchi Riza Poda: Toshkent investitsiya forumi Albaniya–O‘zbekiston munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berdi

Iyun 21, 2026. 16:30 • 2 daq

106
Elchi Riza Poda: Toshkent investitsiya forumi Albaniya–O‘zbekiston munosabatlarda yangi bosqichni boshlab berdi

PЕKIN, 21-iyun. /“Dunyo” AA/. Albaniyaning Xitoydagi elchisi Riza Poda “Dunyo” AAga V Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Albaniya–O‘zbekiston munosabatlari dinamikasida yangi tarixiy bosqich boshlanayotganini chin dildan olqishlayman. Mamlakatlarimiz o‘rtasida nisbatan sust kechayotgan hamkorlik V Toshkent xalqaro investitsiya forumi ortidan yangi sur’at kasb etdi.

Shubhasiz, Albaniya Prezidenti Bayram Begayning O‘zbekistonga tashrifi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan ochiq va do‘stona siyosat tufayli amalga oshdi.

O‘zbekiston yetakchisi boshlab bergan islohotlarning muvaffaqiyati hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining amalga oshirilishi xalqaro maydonda, jumladan, Yevropa mamlakatlarida ham keng e’tirof etilmoqda. Natijada, o‘tgan yili O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning yangi tahriri imzolandi.

Tiranada kutilganidek, O‘zbekiston va Albaniya prezidentlarining ilk uchrashuvi hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab berdi. Xususan, savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, “yashil” energetika va turizm sohalarida o‘zaro aloqalarni kengaytirish maqsadida Hukumatlararo komissiya tuzish zarurati ta’kidlandi.

Shu bilan birga, Albaniyaning Durres portidan logistika markazi sifatida foydalanish O‘zbekiston mahsulotlarining Janubiy Yevropa va O‘rta yer dengizi bozorlariga keng chiqishini ta’minlaydi. O‘z navbatida, O‘zbekiston ham Albaniya mahsulotlarining Markaziy Osiyo bozorlariga kirib borishida muhim ko‘makchi bo‘lishi mumkin.

Tashrifning asosiy voqealaridan biri Bayram Begayning V Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishida ishtirok etganidir. Ushbu tadbirga bir vaqtning o‘zida qator yuqori martabali xorijiy delegatsiyalarning tashrif buyurgani TXIFning xalqaro nufuzi tobora yuksalib borayotganidan yaqqol dalolat beradi.

Mubolag‘asiz aytish mumkinki, mazkur forum doirasida Albaniya tomoni O‘zbekistonning investitsiyaviy va iqtisodiy salohiyati haqida keng ma’lumotga ega bo‘ldi. Bu esa Albaniya ishbilarmon doiralari e’tiborini jalb qilish va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish