Moskvadan munosabat: Toshkent yuqori darajada puxta o‘ylangan ko‘p vektorli siyosatga sodiq qolmoqda

Iyun 08, 2026. 15:25 • 2 daq

111
Moskvadan munosabat: Toshkent yuqori darajada puxta o‘ylangan ko‘p vektorli siyosatga sodiq qolmoqda

MOSKVA, 8-iyun. /“Dunyo” AA/. Rossiya davlat gumanitar universiteti xalqaro munosabatlar kafedrasi dots.nti Yuriy Sigov “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 4–5-iyun kunlari Rossiyaga amaliy tashrifi hamda Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ishtiroki yuzasidan fikr bildirdi:

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ishtirok etgani o‘z-o‘zidan Toshkentning eng yuqori darajada puxta o‘ylangan ko‘p vektorli siyosatga sodiq qolayotganidan dalolat beradi. Bu siyosat doirasida mamlakat jahonning asosiy iqtisodiy ishtirokchilari bilan aloqalarni imkon qadar mustahkamlashi hamda O‘zbekistonga sog‘lom pragmatik qiziqish ko‘rsatayotgan rahbarlar bilan oliy darajadagi yaqin sheriklik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlashi lozim.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sankt-Peterburgga tashrifi chog‘ida Rossiya Prezidenti bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi, shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari forumning bir qator yalpi majlislarida qatnashdi. Ushbu uchrashuvlarda O‘zbekiston–Rossiya iqtisodiy hamkorligini kengaytirish masalalari, zamonaviy jahon iqtisodiyotining joriy rivojlanish tendensiyalari ko‘rib chiqildi.

Menimcha, O‘zbekiston–Rossiya o‘rtasidagi oliy darajadagi muloqot Prezident Vladimir Putinning Qozog‘istonga tashrifidan so‘ng darhol bo‘lib o‘tgani muhim ahamiyatga ega. Bu Rossiyaning Markaziy Osiyodagi o‘z mavqeini mustahkamlashga urinayotganidan dalolat beradi.

O‘ylaymanki, aynan shu o‘rinda O‘zbekiston uchun bunday vaziyatdan unumli foydalanish va o‘zining iqtisodiy manfaatlari yo‘lida “Rossiya imkoniyatlar darchasi”ni imkon qadar o‘zlashtirishga harakat qilish uchun yaxshi imkoniyat paydo bo‘lmoqda. Nazarimda, Toshkent davlatlarning birinchi shaxslari o‘rtasidagi shaxsiy aloqalarga, O‘zbekistonning alohida hududlari bilan Rossiya mintaqalarining o‘zaro hamkorligini kengaytirishga e’tibor qaratishda davom etishi mumkin. 

Zero, Rossiya mintaqalari markaziy hokimiyat organlaridan farqli o‘laroq, O‘zbekiston bilan hududlararo hamkorlik darajasida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish uchun ko‘proq moslashuvchanlik va aniq imkoniyatlarga ega.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish