BMT forumida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida O‘zbekiston qo‘lga kiritayotgan natijalar namuna sifatida taqdim etildi

Iyul 11, 2026. 14:00 • 2 daq

69
BMT forumida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida O‘zbekiston qo‘lga kiritayotgan natijalar namuna sifatida taqdim etildi
BMT forumida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida O‘zbekiston qo‘lga kiritayotgan natijalar namuna sifatida taqdim etildi

NYU-YORK, 11-iyul. /“Dunyo” AA/. Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tayotgan 6-Barqaror rivojlanish maqsadiga (BRM 6) erishish masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi Maxsus tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan qator samarali uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Jahon banki guruhining suv resurslari bo‘yicha global direktori Saroj Kumar Ja bilan bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida mamlakatimizda suv xo‘jaligi tizimini tubdan isloh qilish borasidagi ijobiy tajriba haqida so‘z yuritildi. Jahon banki vakili O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida suv sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni yuqori baholab, o‘zining forumdagi nutqida ham O‘zbekiston yutuqlarini boshqa davlatlar uchun namuna sifatida ko‘rsatib o‘tganini taʼkidladi.

Kumar Ja davlatimiz tomonidan suv sohasiga qaratilayotgan moliyaviy eʼtiborni alohida eʼtirof etdi. Uning qayd etishicha, dunyoda ko‘pgina davlatlar «Toza suv va sanitariya» (BRM 6) maqsadlari uchun davlat byudjetining o‘rtacha 0,05 foiz mablag‘larini yo‘naltirayotgan bir davrda, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich hozirda 3,2 foizni tashkil etmoqda va yil yakuniga qadar uni 4,2 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Muzokaralar yakunida hamkorlikda sohaviy tizimli tadqiqotlarni o‘tkazish hamda boshqa istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari kelishib olindi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YEIK) O‘rmon xo‘jaligi, uy-joy qurilishi va yerdan foydalanish bo‘yicha qo‘mitasi direktori Paola Deda bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida atrof-muhitni muhofaza qilish, cho‘llanishning oldini olish, yashil hududlarni kengaytirish va suv resurslarini boshqarish sohalaridagi hamkorlik masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

Uchrashuvda Paola Deda xonim O‘zbekistonning ekologik muammolarni hal etishdagi faol ishtiroki va xalqaro tashabbuslarini inobatga olib, 2028-yilda BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi shafeligida Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirlari konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi va mamlakatimiz ushbu nufuzli anjumanga mezbonlik qilish uchun munosib nomzod ekanini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni izchil davom ettirish va ilgari surilgan takliflar yuzasidan muntazam ravishda maʼlumot almashib borishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish