Dushanbedan munosabat: O‘zbekiston Yevroosiyoda yangi iqtisodiy makon arxitekturasini shakllantirmoqda
Iyul 10, 2026. 18:30 • 3 daq
• 124
DUSHANBE, 10-iyul. /“Dunyo” AA/. Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Falsafa, siyosatshunoslik va huquq instituti ilmiy xodimi Viktor Kim “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 8-9-iyul kunlari Belarusga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Zamonaviy geoiqtisodiy sharoitda O‘zbekiston tashqi aloqalarning anʼanaviy modelidan strategik hamkorlik va davlat manfaatlarini ilgari surishga qaratilgan faol yondashuvga o‘tmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Gruziya va Belarusga amalga oshirgan tashriflari tasodifiy yoki bir-biridan mustaqil diplomatik safarlar emas. Ular O‘zbekistonning sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika bog‘liqligi va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yagona strategiyasining uzviy qismidir.
Gruziyaga tashrifni ushbu strategiyaning o‘ziga xos poydevori sifatida ko‘rish mumkin. O‘zbekiston Kavkaz tranzit yo‘lagi va Qora dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatini taʼminlab, muhim logistika tizimini yaratdi va mamlakatni Markaziy Osiyoni Yevropa bozorlari bilan bog‘laydigan global taʼminot zanjirlarining faol ishtirokchisiga aylantirdi.
O‘zbekiston rahbarining Belarusga tashrifi va Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi ushbu tuzilmani mustahkamlovchi muhim hujjat bo‘ldi. Ikki tomonlama munosabatlar endi oddiy savdo doirasidan uzoq muddatli geosiyosiy ittifoq formatiga o‘tkazildi.
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi sheriklik aloqalarining kengayayotganini statistik raqamlardan ham bilish mumkin. Xususan, o‘zaro savdo hajmi 2025-yilda 25 foizga, 2026-yilning birinchi choragida esa qariyb 50 foizga oshdi. Joriy yilda kutilayotgan 1 milliard dollarlik tovar ayirboshlash hajmini 2030-yilga qadar 2 barobarga oshirish rejalashtirilgan.
Belarus nafaqat rivojlangan sanoat, farmatsevtika va davlat boshqaruvini raqamlashtirish sohalaridagi tajribasi, balki mashinasozlik va atom energetikasi kabi yuqori texnologiyali tarmoqlardagi salohiyati bilan ham ajralib turadi. Bu imkoniyatlar O‘zbekistonda jadal sanoatlashtirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi. Shu maʼnoda Belarus O‘zbekistonning ishonchli texnologik hamkori sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Ushbu yo‘nalishlarning o‘zaro uyg‘unligi O‘zbekistonning uzoq muddatli mintaqalararo hamkorlik jarayonlarini strategik asosda boshqarishning yangi bosqichiga chiqqanini ko‘rsatmoqda. Mamlakat 2030 yilga qadar rivojlanish ustuvorliklarini mustaqil belgilab, qaysi transport yo‘laklari va texnologiyalar milliy taraqqiyotning asosiy tayanchi bo‘lishini aniq maqsadli siyosat orqali shakllantirmoqda.
Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni taʼminlash, qatʼiy siyosiy iroda va sanoat salohiyatining uyg‘unlashuvi esa O‘zbekistonning Yevroosiyoda yangi iqtisodiy makonni shakllantirish jarayonlarida faol tashabbuskor va muhim ishtirokchi sifatidagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini ifodalaydi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi