Rossiyadan munosabat: O‘zbekiston va Pokistonni mushtarak tarixiy ildizlar chambarchas bog‘lab turadi
Fevral 08, 2026. 09:05 • 2 daq
• 70
MOSKVA, 8-fevral. /“Dunyo” AA/. Rossiyadagi “Vektor” xalqaro strategik tadqiqotlar instituti direktori Andrey Xriyenko “Dunyo” AA muxbiriga O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi, ikki davlat o‘rtasida o‘rnatilgan o‘zaro ishonch va do‘stlik rishtalari hamda rivojlanayotgan hamkorlik aloqalari xususida fikr bildirdi:
– Albatta, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga bu galgi davlat tashrifida oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi, biznes-forum va boshqa qator muhim tadbirlarning o‘tkazilishi mintaqaviy va mintaqalararo darajada integratsiya jarayonlarini kuchaytirish bo‘yicha (har ikki davlat tomonidan) olib borilayotgan ishlarning aniq ifodalangan tizimliligi va izchilligidan dalolat beradi.
Bugungi global o‘zgarishlar sharoitida esa O‘zbekiston o‘zining salmoqli va mutlaqo aniq pozitsiyasini eʼlon qilayotgan global, sivilizatsion jarayonlar haqida gapirish mumkin.
O‘zbekiston va Pokistonni mushtarak tarixiy ildizlar chambarchas bog‘lab turadi. Bugungi hamkorlik zamirida chuqur anʼanaviy qadriyatlar, qadimiy Buyuk Ipak yo‘lining global “chorrahalari”ning tarixiy sivilizatsion roli yotadi.
Bularning barchasi ikki mamlakatning ko‘p qirrali, o‘zaro bog‘liq va o‘zaro manfaatli, mustahkam strategik sherikligini yo‘lga qo‘yish uchun jiddiy shart-sharoit ekani kundek ravshan.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari ikki tomonlama muloqotga yuqori surʼat bag‘ishlagan. Kun tartibidan integratsiyaviy hamkorlik, jumladan, Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha keng ko‘lamli masalalar o‘rin olgan.
Tovar ayirboshlashning ishonchli o‘sishida, qo‘shma korxonalar sonining ko‘payishida, uzoq muddatli loyihalarda har ikki tomonning o‘zaro manfaatdorligidan dalolat beruvchi investitsiya sohasidagi hamkorlik natijalarida yaqqol namoyon bo‘layotgan taraqqiyot va dinamika yaqqol ko‘zga tashlanayotgan iqtisodiyotdan tashqari, tizimli va izchil ish olib borilayotgan sohalarning keng ro‘yxati mavjud.
Birinchi navbatda, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida savdo va investitsiya oqimlarini jadallashtirish masalalari bo‘yicha kooperatsiyani chuqurlashtirishning turli jihatlarini o‘z ichiga olgan logistika va transport infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini eslatib o‘tmoqchiman.
Bu borada Yevroosiyo iqtisodiy makoni mamlakatlari mavqeini sezilarli darajada mustahkamlashga qodir bo‘lgan Transafg‘on temir yo‘li loyihasi yaqqol misol bo‘la oladi.
Dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan Markaziy Osiyo davlatlari uchun transport yo‘laklarini tizimli rivojlantirishning dolzarbligini baholash qiyin. Ikki tomonlama hamkorlik doirasida energetika, ilm-fan, madaniyat va boshqa ko‘plab sohalardagi loyihalar ustuvor ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda turizm sohasida erishilgan yutuqlarni alohida taʼkidlash joiz.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga bu galgi tashrifi strategik sheriklikni mustahkamlashda muhim omil bo‘ladi va mamlakatlararo dolzarb loyihalarni amalga oshirishning yuqori surʼatini saqlab qolishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
