Saudiya Arabistonidan munosabat: Toshkentdagi yangi markaz Sharq va G‘arb o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi
Mart 26, 2026. 17:21 • 2 daq
• 28
AR-RIYOZ, 26-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tantanali ochilishi munosabati bilan Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Islom tarixi, madaniyati va sanʼatini o‘rganish bo‘yicha xalqaro markaz (IRSIKA) bosh direktori Mahmud Erol Qilich tabrik yo‘lladi:
– O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlardan biri sifatida, mazkur tashkilot tarkibidagi Islom tarixi, sanʼati va madaniyati bo‘yicha tadqiqotlar markazi bosh direktori sifatida Prezident Shavkat Mirziyoyevni, shuningdek, barcha o‘zbek xalqini va butun islom olamini ushbu quvonchli voqea bilan samimiy muborakbod etaman.
Yangi barpo etilgan ushbu muhtasham majmuada betakror meʼmorchilik yechimlari, go‘zal zallar va boy ko‘rgazmalar yaratilgan. IRSIKA uchun ham mazkur binoda maxsus zal ajratildi. Inshoolloh, bu yerda turli tadbirlar, jumladan, xattotlik ko‘rgazmalarini tashkil etamiz.
Bugungi global beqarorlik sharoitida Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi islom madaniyatini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi. U Sharq va G‘arb o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi. Ushbu majmua islom olamining yetakchi ilmiy-maʼrifiy markazlaridan biriga aylanib, xilma-xillik, plyuralizm, hamjihatlik va o‘zaro hurmat tamoyillarini mustahkamlashi shubhasiz.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, jahon tarixida muhim o‘rin tutgan Toshkent, Buxoro, Samarqand, Xiva kabi shaharlarning chuqur islomiy merosini namoyon etuvchi ushbu go‘zal markaz dunyo jamoatchiligining katta qiziqishiga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekistonning islom olamiga qo‘shgan hissasi tarixiy, falsafiy, tasavvufiy va madaniy jihatdan nihoyatda ulkandir. Shu bois, ushbu markazga tashrif buyuruvchi mehmonlar ana shu boy meros bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi, deb umid qilaman.
Eng muhimi, ushbu yangi majmua islom olamining jahon sivilizatsiyasidagi nufuzini yanada mustahkamlab, xalqlar o‘rtasida tinchlik va o‘zaro anglashuv madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi