Logo

O‘zbek kompozitori Germaniyada navbatdagi konsert dasturini namoyish qildi

Noyabr 28, 2025. 15:44 • 2 daq

148
O‘zbek kompozitori Germaniyada navbatdagi konsert dasturini namoyish qildi

POTSDAM, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. Brandenburg markazi Potsdam shahrida taniqli o‘zbek bastakori va pianinochisi Ulug‘bek Palvanov Yevropa mumtoz musiqa ixlosmandlari uchun navbatdagi yakkaxon konsert dasturini namoyish qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Konsert Potsdamdagi mashhur Fransuz cherkovining konsertlar zalida tashkil etildi va shahar musiqiy hayotida muhim madaniy voqea sifatida qayd etildi.

O‘zbek musiqachisi jahon musiqa sanʼati namoyondalari asarlarini yaqinda fransuz cherkoviga tuhfa qilingan qadimiy fortepiano – Berlindagi mashhur “Bechstein” ustaxonasida tayyorlangan, taxminan bir asrlik tarixga ega royalda ijro etdi.

Yevropa musiqiy anʼanalarida nozik va ko‘p qirrali ohangi, yorqin jarangdorligi bilan alohida qadrlanadigan ushbu musiqiy asbobda birinchi konsert Yevropada taniqli pianinochi Ulug‘bek Palvanov tomonidan ijro etilishi Potsdam shahri musiqa shinavandalari uchun ham katta faxr tuyg‘usini taqdim etdi. Bu konsert haqida Germaniyaning “Tagesspiegel” hamda qator mahalliy OAVda ham xabar berildi.

Musiqiy dasturda yurtdoshimiz Iogann Sebastyan Baxning “Wohltemperiertes Klavier”, Lyudvig van Betxovenning “Appassionata”, Friderik Shopenning “1. Ballade” va Sergey Raxmaninovning “Préludes” hamda Listning “1. Mephisto-Walzer” musiqiy asarlarini nozik did, yoddan va yuksak aniqlikdagi mahorat bilan ijro etdi. Fransuz cherkovi konsert zalining ohangrabo akustikasi musiqiy asarlar ijrosiga yanada jozibadorlik baxsh etdi.

Hamyurtimiz o‘z konsertida tinglovchilarni mohirona ijrosi orqali maftun etish bilan birga mazkur qadimiy antikvar musiqiy asbob – royalning texnik hamda hissiy imkoniyatlarini to‘liq ochib bera oldi.

Ulug‘bek Palvanov Moskva shahridagi Chaykovskiy nomidagi konservatoriyada tahsil olgan. So‘nggi yillarda Germaniyada ijod qilib, Yevropa sahnalarida jahon mumtoz musiqasi namunalari hamda o‘z ijodiy asarlarini keng namoyish etib kelmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish