Toshkent maktabida robototexnika va sun’iy intellekt sohasida O‘zbekiston-Xitoy loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan
Mart 26, 2026. 09:23 • 2 daq
• 158
ShANXAY, 27-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston bosh konsuli Rustam Ismoilov Xitoydagi nufuzli “WhalesBot” kompaniyasi global biznes bo‘yicha direktori Mettyu Chou bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot jarayonida robototexnika va AI (Sun’iy intellekt) bo‘yicha yangi imkoniyatlar muhokama qilindi. Shu bilan birga, ikki tomonlama sarmoyaviy va ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarida fikr almashildi.
Mazkur kompaniya ta’lim robototexnikasi va sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan Xitoyning yuqori texnologiyali yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya dasturiy ta’minot bo‘yicha 270 dan ortiq patent va mualliflik huquqlariga ega. Uning mahsulotlari dunyoning qariyb 80 ta mamlakatidagi 30 mingdan ortiq maktablarda qo‘llanilmoqda.
Xitoy tomoni so‘nggi yillarda mamlakatimizda axborot va ilg‘or texnologiyalar, sun’iy intellekt sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi. Suhbatdoshning ta’kidlashicha, O‘zbekiston yaqin kelajakda Markaziy Osiyoda mazkur yo‘nalishda yetakchi davlatlardan biriga aylanishi mumkin.
Mettyu Chou o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilarining robototexnika va sun’iy intellekt bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini kengaytirish maqsadida Toshkent shahridagi umumta’lim maktablaridan biri bilan hamkorlik o‘rnatishga tayyor ekanini bildirdi.
Shuningdek, ushbu maqsadda Xitoy tomoni tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ta’lim robototexnikasi va sun’iy intellekt xabini tashkil etishga tayyorligini ma’lum qildi. Mazkur xab mahalliy yoshlar uchun robototexnika, sun’iy intellekt, muhandislik konstruksiyalari va intellektual kodlashtirish kabi muhim yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalarni oshirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, kompaniya vakili joriy yilda Pekin shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan robototexnika va sun’iy intellekt bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi xalqaro musobaqada ishtirok etish uchun 5 nafar o‘quvchi va 1 nafar hamroh o‘qituvchini taklif qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi