Logo

O‘zbekiston diplomatlari Tailandda bo‘lib o‘tgan ipakchilikni rivojlantirish bo‘yicha tadbirda ishtirok etdi

Mart 27, 2026. 12:36 • 2 daq

113
O‘zbekiston diplomatlari Tailandda bo‘lib o‘tgan ipakchilikni rivojlantirish bo‘yicha tadbirda ishtirok etdi

BANGKOK, 27-mart. /“Dunyo” AA/. Tailandning Chiang Ray viloyatida Pillachilik departamenti tomonidan tashkil etilgan “Matodan hayot sifatini rivojlantirishgacha” mavzusidagi yirik ko‘rgazma va xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur nufuzli tadbirda Tailand Pillachilik departamenti bosh direktori Saranyu Pullarp, Ijtimoiy rivojlanish va inson xavfsizligi vazirligi doimiy kotibi o‘rinbosari Tueanjay Kongsombat hamda soha mutaxassislari ishtirok etdilar.

Ko‘rgazma doirasida Chiang May Qirolicha Sirikit Pillachilik markazi tomonidan ipakning noyob navlari, mahalliy o‘simliklardan olingan tabiiy bo‘yoqlar yordamida matoga rang berish usullari hamda xalqaro “Royal Peacock” (Qirollik tovusi) belgisi bilan sertifikatlangan ipak mahsulotlari namoyish etildi.

Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston bosh konsuli Faxriddin Sultonov Tailand Qirolichasi Ipakchilik departamentining sobiq maslahatchisi Tanyalak Prommani bilan birgalikda ipakchilik sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va mahsulotlarni global bozorga olib chiqish istiqbollari haqida so‘z yuritdi.

Bosh konsul o‘z nutqida Buyuk Ipak yo‘lining tarixiy ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilganidek, ushbu qadimiy yo‘l nafaqat savdo tarmog‘i, balki Sharq va G‘arb o‘rtasida madaniy, badiiy va ilmiy yutuqlar almashnuvi uchun xizmat qilgan beqiyos ko‘prik bo‘lgan. Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga O‘zbekistonning zamonaviy sayyohlik salohiyati va ipakchilik an’analari haqida batafsil ma’lumot berildi.

O‘zbekiston vakillarining ushbu forumdagi faol ishtiroki Tailand OAVda keng yoritildi. Mahalliy mutaxassislarning fikricha, bu kabi madaniy-iqtisodiy muloqotlar Tailand va O‘zbekiston o‘rtasidagi ipakchilik tarmoqlarini bog‘lash va global bozorda yangi imkoniyatlarni yaratishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish