O‘zbekiston Mumbay shahrida bo‘lib o‘tgan yirik xalqaro turizm ko‘rgazmasida ilk bor milliy stendini taqdim etdi
Fevral 10, 2026. 12:50 • 2 daq
• 4
MUMBAY, 10-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi, «Uzbekistan Airways» AJ, shuningdek, mamlakatimizning qator yetakchi turistik kompaniyalari va mehmonxonalari vakillaridan iborat delegatsiya Hindistonning Mumbay shahrida yakunlangan OTM-2026 (Outbound Travel Market) yirik xalqaro turistik yarmarkasida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur yarmarkada mamlakatimiz ilk bor yagona O‘zbekiston milliy stendi hamda milliy aviatashuvchining alohida stendi bilan ishtirok etdi.
60 dan ortiq mamlakatdan 2200 dan ziyod turistik tashkilotlar, yetakchi turoperatorlar, mehmonxona tarmoqlari va turizm industriyasi kompaniyalarini jamlagan ushbu yirik tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi yurtimizning ulkan sayyohlik salohiyatini taqdim etdi. Yarmarka ishtirokchilari va mehmonlariga turli eksponatlar, tarqatma materiallar, audio va videolavhalar namoyish etildi.
“B2B” va “B2C” shakllarida o‘tkazilgan muzokaralar yakunida hindistonlik va boshqa davlatlardagi hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi. O‘zbekistondan maxsus taklif etilgan sanʼatkorlar guruhi tomonidan ijro etilgan milliy raqs va musiqalardan iborat konsert dasturi tadbirga o‘zgacha joziba bag‘ishladi.
Nufuzli delegatsiyaning ushbu ko‘rgazmadagi ishtiroki so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida turizm sohasidagi almashinuv jadal surʼatlar bilan rivojlanayotganini va yuqori natijalar qayd etayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda O‘zbekistonga Hindistondan 80 mingdan ziyod sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 100 ming nafarga yetishi kutilmoqda. Bu esa O‘zbekistonning hindistonlik mehmonlar uchun jozibador yo‘nalish sifatida mashhurligi ortib borayotganidan va milliy turistik mahsulotni asosiy xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligidan dalolat beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
