Pokiston OAV: O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanmoqda
Fevral 10, 2026. 09:00 • 2 daq
• 7ISLOMOBOD, 10-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Diplomatic Affairs”, “The Gulf Observer”, “CPEC News”, “Media Online Today”, “The World News”, “Sub News”, “Diplomats World”, “Pakistan in the World”, “Times of Central Asia”, “Daily Sub News”, “Islamabad Post” kabi OAVda O‘zbekiston va Pokiston hamkorligi, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida sanoat-investitsiya koridorini shakllantirish bo‘yicha turkum maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrlarda O‘zbekiston va Pokiston savdo, investitsiyalar hamda sanoat kooperatsiyasiga tayangan holda strategik hamkorlikni izchil rivojlantirayotgani taʼkidlangan. So‘nggi yillarda o‘zaro aloqalar tizimli va barqaror tus oldi, erishilgan natijalar esa katta amalga oshirilmagan salohiyat mavjudligini ko‘rsatmoqda. Shakllangan institutsional baza va qo‘shma loyihalarning faollashuvi savdo va investitsiyalar hajmini yana-da jadal oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratmoqda.
Maʼlum qilinishicha, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 446 million dollarni tashkil etib, 9,4 foizga oshdi. O‘zbekiston eksporti 325 million dollarga yetdi, ijobiy savdo balansi esa 200 million dollardan oshdi.
Savdo tuzilmasi iqtisodiyotlarning agrar-sanoat jihatdan o‘zaro to‘ldiruvchanligini aks ettiradi. O‘zbekistonning Pokistonga eksporti asosan dukkakli ekinlar hissasiga to‘g‘ri keladi (taxminan 70 foiz), don mahsulotlari, paxta ip-kalava, transport xizmatlari, ayrim turdagi qishloq xo‘jaligi xomashyosi va kimyo mahsulotlarini o‘z ichiga oladi. Pokistondan import esa asosan farmatsevtika mahsulotlari, oziq-ovqat (kartoshka va go‘sht), metallurgiya buyumlari, to‘qimachilik mahsulotlari, yengil sanoat tovarlari hamda tibbiy uskunalardan iborat.
“Investitsiyaviy hamkorlik yangi tizimli bosqichga chiqdi. 2026-yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi 230 ta korxona faoliyat yuritmoqda, shundan 80 tasi o‘tgan yilning o‘zida tashkil etildi. Yirik loyihalar qatorida Namangan viloyatida 72 million dollarlik “Diamond Group” ishtirokidagi to‘qimachilik klasteri hamda Sirdaryo viloyatida 25 million dollarlik “Getz Pharma” farmatsevtika zavodi bor”, – deyiladi materiallarda
Pokiston OAV xabar qilganidek, 2026-yil 2 fevral kuni Islomobod shahrida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning o‘ninchi yig‘ilishi hamkorlikka qo‘shimcha turtki berdi. Pokiston tomoni O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi asosiy va ustuvor hamkor sifatida ko‘rayotganini rasman maʼlum qildi hamda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tizimli ish olib borish uchun alohida ichki qo‘mita tuzdi.
“O‘zbekiston–Pokiston munosabatlari oddiy savdo almashinuvidan kompleks investitsion-sanoat arxitekturasini shakllantirish bosqichiga o‘tmoqda. Mavjud dinamika saqlanib qolgan taqdirda, ikki milliard dollarlik tovar ayirboshlash marrasiga erishish strategik jihatdan asosli va to‘liq erishiladigan maqsad hisoblanadi”, – deya qayd etilgan maqolalarda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



