Yaponiyada Alisher Navoiy tavallud kuni tantanali nishonlandi
Fevral 10, 2026. 10:37 • 2 daq
• 119TOKIO, 10-fevral. /“Dunyo” AA/. Yaponiya poytaxtida Alisher Navoiyning 585 yillik tavalludi munosabati bilan Soka universiteti hududida o‘rnatilgan haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda “Soka Gakkay” tashkiloti vakillari, Soka universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, Sharq falsafasi ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari, Yaponiya ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Yaponiyada tahsil olayotgan vatandosh-talabalar ishtirok etdi.
Universitet hududida 2004-yilda o‘rnatilgan Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Marosimda uning buyuk o‘zbek shoirining boy va serqirra ijodi nafaqat o‘zbek, balki jahon adabiyotida ham muhim o‘rin tutishi, bugungi kunda ushbu yodgorlik O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi yaqin do‘stlik ramzi bo‘lib xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Alisher Navoiy nafaqat buyuk adabiy siymo, balki inson hayotining mazmuni va jamiyatning maʼnaviy asoslari haqida chuqur mulohazalar qoldirgan mutafakkir ekanini taʼkidladi. Uning so‘zlari zamon va chegara doirasidan tashqariga chiqadi va bugungi kunda ham odamlarni mehribon, halol va xalqning azob-uqubatlariga befarq bo‘lmaslikka chaqiradi. Navoiy merosidagi ushbu insonparvarlik qadriyatlari yapon madaniyatining maʼnaviy anʼanalari bilan hamohang bo‘lib, O‘zbekiston va Yaponiyani insonni ulug‘lash, ilm va madaniyatga hurmat kabi umumiy qadriyatlar birlashtirib turadi.
Soka universitetida o‘rnatilgan Alisher Navoiy haykali ikki xalq o‘rtasidagi ana shu umumiy ruh va do‘stlik ramzi ekani taʼkidlandi. Universitet rektori Suzuki Mika tadbirda nutq so‘zlab, shunday dedi:
– Universitetimizda Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgani biz uchun hamisha katta faxr. U jahon adabiyotining buyuk siymolaridan biridir. Bu mutafakkirning insonparvarlik g‘oyalariga, adolat va ezgulikka, tinchlik va do‘stlikka, vatanga muhabbatga daʼvat etuvchi ijodiy yo‘li yapon xalqi tomonidan yuksak qadrlanadi.
Bu yodgorlik ikki buyuk xalq madaniyati o‘rtasidagi muloqotni qayta tiklash ramzi bo‘lib xizmat qiladi. Alisher Navoiyning yodgorlik tosh lavhiga bitilgan “Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘. Yor o‘lung bir-biringizgaki, erur yorlig‘ ish” degan o‘gitida juda chuqur maʼno mujassam, kishini do‘stlik, osoyishtalik, tinchlik-totuvlik, o‘zaro farovonlikda yashashga daʼvat etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi







